Indoneziyada Samarqandning investitsion salohiyati targ‘ib qilindi
Indoneziyada o‘tkazilgan "O‘zbekiston–Indoneziya hamkorlik forumi" ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim platformaga aylandi. Forum doirasida tashkil etilgan “Samarqandda biznes qiling” mavzusidagi maxsus tadbir tadbirkorlar, investorlar va rasmiy doiralar vakillarini bir joyga jamlab, o‘zaro manfaatli muloqot uchun keng imkoniyat yaratdi.
Tadbirda asosiy e’tibor Samarqandning investitsion salohiyatini targ‘ib qilishga qaratildi. Xususan, Indoneziya biznes vakillariga Samarqand viloyati hududida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarga qulay biznes muhiti, soliq imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar hamda logistika infratuzilmasi taqdimot qilindi.
Forumda so‘zga chiqqan Adiz Boboyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani to‘g‘risida to‘xtalib, o‘zaro savdo hajmi izchil ortib borayotganini va turizm sohasidagi aloqalar tobora mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
“Samarqandda biznes qiling” tadbiri doirasida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar, investitsiya taqdimotlari va ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Ayrim istiqbolli loyihalar yuzasidan memorandum va shartnomalar imzolandi. Bu esa amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari Samarqandning boy tarixiy merosi va zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki madaniy aloqalarni ham mustahkamlashga zamin yaratdi.