“Imom Buxoriy va Sukarno”

Samarqandda O‘zbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premerasi bo‘lib o‘tdi.

2023 yil yanvar oyida viloyatimiz delegatsiyasi Indoneziya va Malayziya davlatlarida safarda bo‘lgan edi. O‘shanda Kattaqo‘rg‘on shahri drama teatri Indoneziyaning Jakarta shahridagi Bumi Purnati teatri bilan 5 yilga mo‘ljallangan ijodiy memorandum imzolagan edi. Ushbu hamkorlik natijasida ikki teatr jamoasi birgalikda “Imom Buxoriy va Sukarno” sahna asarini yaratdi.

- Mazkur sahna asari dramaturglar -  indoneziyalik Ahmad Favziy hamda o‘zbekistonlik Go‘zaloy Solih tomonidan yozildi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri rahbari Botir Tugalov. – Asar ikki oy davomida ikki davlat ijodkorlari tomonidan onlayn tarzda ishlandi va 15 kun davomida teatrimizda repititsiya jarayonlari o‘tkazildi.

Bu asar 1956 yilda Indoneziyaning birinchi prezidenti janob Sukarno O‘zbekistonga tashrif buyurib, Imom Buxoriy hazratlari qabrini ziyorat qilishi va bu yo‘lda uchragan to‘siqlar haqida hikoya qiladi. Spektakl rejissyorlari - indoneziyalik ijodkor Ahmad Favziy va O‘zbekiston xalq artisti Valixon Umarov.

Spektakl dastlab, Kattaqo‘rg‘on shahri drama teatrida, keyin viloyat musiqali drama teatrida namoyish etildi. Samarqandda o‘tkazilgan premerada viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, teatrlar xodimlari, spektakl ijodkorlari ishtirok etdi.