Yangi spektakl: "Pora" teatr ixlosmandlari hukmiga havola etildi
Kattaqo‘rg‘on drama teatrida yozuvchi va dramaturg Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub "Pora” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi.
Premerada asar muallifi Qo‘chqor Norqobil ham ishtirok etgani kattaqo‘rg‘onlik adabiyot va teatr ixlosmandlari uchun bayramga aylandi.
Tomoshabinlar hukmiga havola etilgan ushbu spektakl Qashqadaryo viloyati musiqali va drama teatri bosh rejissyori Farhod Boynazarov tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lib, premerada yangicha sahna bezaklari, spektaklning ta’sirchanligini oshirgan voqeliklar, tajribali aktyorlar jamoasining mahorati orqali korrupsiyaga mukkasidan ketgan kimsaning qismati to‘laqonli ochib berildi.

Davrning dolzarb mavzusi aks etgan sahna asarida jamiyatimizning og‘riqli nuqtasi rivojlanishimizga to‘siq bo‘ladigan illat, korrupsiyaning bir ko‘rinishi, insoniyatning faqat oson yo‘l, pora bilan pul topishga hayotini bag‘ishlab insoniylikdan uzoqlashgani, oqibatda oiladagi parokandalik, farzandini yo‘qotish, so‘nggi pushaymonlik kabi hayotiy voqeliklar ta’sirchan ifoda etilgan.

- Bir inson hayotidagi fojiani ko‘rsatgan zamonaviy drama bilan tanishgach, ayni hayotimizning og‘riqli jihati, butun insoniyat hayotiga tegishli xavotirli masala qalamga olinganligini his qildik, - deydi teatr direktori Sunatillo Kazakov. - Sobit obrazi orqali muallif halollikning yo‘qotilishi qanday qilib insonni ichdan yemirishini, ota esa vijdon va e’tiqodining so‘nggi tayanchi ekanini ko‘rsata bilgan.
Darhaqiqat, spektakl kishini chuqur o‘ylashga, baxt, tinchlik va halovat faqat halollikda ekanini his qis qilishga undashi, shubhasiz.
Spektakl tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
- Albatta, tomoshabinning e’tirofi ijodkorga katta ilhom bag‘ishlaydi, - dedi asar muallifi Qo‘chqor Norqobil spektakl haqida fikrlarini bildirgan tomoshabinlarga minnatdorlik izhor etarkan. - Kattaqo‘rg‘on azaldan ziyo maskani sifatida dong taratgan. Bugun ushbu spektaklga ijodkorlarning mohirona yondashuvi, tomoshabinlar e’tiborini ko‘rib bunga amin bo‘ldim.
Shuningdek, asar muallifi aktyorlarning mahoratini alohida e’tirof etdi. Albatta, insoniyatni halol va pok yashashga undaydigan, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bu kabi spektakllarning tomoshabinlar e’tiboriga havola etilishi jamiyat va davlat rivojiga to‘siq bo‘ladigan illatlarga qarshi kurashish, ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hilola Ergasheva.