Hayot sahnasi: Kattaqo‘rg‘onlik prokuror nega qamalgan?
(Samarqand okrug sudida jinoiy ish ko‘rib chiqilmoqda)
- Siz hali buyurtma bilan yozdirib olgan yolg‘on ko‘rsatmalarni fakt deyapsizmi? Masalaga adolat nuqtai nazaridan qaramayapsiz! Kechirasiz-u, bu ishingiz bilan kasbimizga dog‘ tushiryapsiz!
- O‘rtoq Sharipov, siz bu yerda bugun prokuror ham, sudya ham emassiz. O‘zingizni bosing! Nima, bizni qonunchilikka o‘qitmoqchimisiz?
- Hech kimni o‘qitmayapman, kasbimizning talabini eslatyapman, xolos.
- Bas! Yetar! O‘tiring, sudlanuvchi Sharipov!
Bu – Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Millat fidoyisi” spektaklidan parcha. Sarlavhadagi savolga ushbu sahna asaridan javob topish mumkin.
- Bu spektaklda men bosh qahramon obrazini ijro etyapman, - deydi teatr aktyori Jasur Islomov. - Ushbu asar taniqli yozuvchi Farmon Toshev qalamiga mansub. Rejissyor Farhod Boynazorov sahnalashtirgan. Unda Kattaqo‘rg‘onda o‘sib-ulg‘aygan, qatag‘on davrida O‘zbekiston prokurori, Oliy sud raisi bo‘lib ishlagan, sovet tizimining qurboniga aylangan Badriddin Sharipovning hayoti haqida hikoya qilinadi.
Ayni paytda teatr ijodkorlari mazkur spektakl premerasiga qizg‘in hozirlik ko‘ryapti.
Teatr reyting bo‘yicha oxirgi o‘rinlarda edi
Bundan 5-6 yil ilgari mamlakatimizda 39 ta teatr faoliyat yuritardi. Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublikada oxirgi uchtalikda, ya’ni 38-o‘rinda edi.
- Bundan besh yil ilgari bu yerga ishga kelganimda odamlarni teatrga qiziqtirish maqsadida spektakllarni bepul namoyish etganmiz, - deydi teatr rahbari Botir Tugalov. – O‘shanda 4-5 nafar tomoshabin kelgan. Achinarlisi, ularning barchasi xodimlarimizning yaqin qarindoshlari bo‘lgan.
“Tomdan chakka o‘tganda ham sahnani tark etmadik”
Bir paytlar teatr binosida ijodkorlar uchun ham, tomoshabinlar uchun ham sharoit ko‘ngildagidek bo‘lmagan. Qishda sovuq, yozda issiq, yog‘ingarchilik paytida esa...
- Og‘ir damlarni boshimizdan o‘tkazdik, - deydi teatr aktyori O‘tkirjon Ochilov. – Sovuq kunlarda oyog‘imizdan zax o‘tib, shamollab qolardik. Bir muddat ishlasak, bir muddat davolanishga to‘g‘ri kelardi. Spektakl namoyish etilayotgan paytda yomg‘ir yog‘ib, tomdan chakka o‘tganda tomoshabinlar oldida uyalib qolgan paytlarimiz bo‘lgan. Sahnaning chakka tomayotgan joylariga tog‘oralar qo‘yardik. Ana shunday sharoitda ishladik. Sohaga mehr qo‘ygan odam chakka tomsayam ketmaydi-da sahnadan.
Shavkat Mirziyoyev teatr tomiga chiqqanmi?
2016 yilda prezidentlik saylovi oldidan Shavkat Mirziyoyevning samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvi aynan Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida bo‘lib o‘tgan.
- O‘shanda Shavkat Miromonovich teatr haqida ham alohida to‘xtaldi, - deydi B.Tugalov. – U kishi Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan paytida teatr tomiga chiqib, xarob bo‘lib yotgan, chakka o‘tadigan joylarini ko‘zdan kechirgan va tomning ta’mirlanishi uchun mablag‘ ajratgan ekan. Qolaversa, o‘sha yili tashrif sababli teatrimiz zamon talablari darajasida ta’mirlandi. Bundan ilhomlangan jamoamiz belni mahkam bog‘lab ijodni davom ettirdi. Yangi spektakllar sahnalashtirilyapti. Buning uchun esa davlat tomonidan ham ma’naviy, ham moddiy imkoniyatlar yaratilmoqda.
Oddiy aktyor Prezident e’tiboriga tushdi
Keyingi yillarda teatr jamoasi O‘zbekistonning barcha hududlariga, hatto xorijiy mamlakatlarga tez-tez gastrol safarlari uyushtiryapti. Respublikamizning asosiy bayram tadbirlarida ishtirok etyapti.
- Ana shunday tadbirlardan birida viloyatimiz uchun ajratilgan hududga Prezident tashrif buyurdi, - deydi aktyor O‘tkirjon Ochilov. – Hudud sahnasida men Amir Temur obrazida monolog ijro etayotgandim. Davlatimiz rahbari bir qarab o‘tib ketsa kerak, deb o‘ylagandim, ammo u kishi to‘xtab, bir daqiqalik monologimni oxirigacha tingladi va qaysi teatr aktyori ekanligimni so‘radi. Mendan Kattaqo‘rg‘on teatri aktyori ekanligimni eshitgach, ko‘tarinki kayfiyatda teatrimiz haqida iliq fikrlarni bildirdi va bugungi sharoitlar haqida gapirib berishimni aytdi. Men esa to‘lqinlanib, keyingi paytlarda biz, ijodkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, har yili to‘rtta xorijiy davlatga chiqib, o‘zbek san’atini ko‘rsatib qaytayotganimizni aytdim. Prezident qo‘limni siqib, bayram bilan tabrikladi va yo‘lida davom etdi.
Teatr 25 ta davlat bilan hamkorlik qilyapti
Keyingi yillarda teatrda davlat buyurtmasi asosida yiliga ikkitadan spektakl tayyorlanyapti. Bu, albatta, xalqaro hamkorlik, qolaversa, teatr moddiy texnik bazasining mustahkamlanishiga xizmat qilyapti.
- 2024 yilda ikkita tarixiy spektakl sahnalashtirildi, - deydi B.Tugalov. – 6 mamlakat ijodkorlari ishtirokida yaratilgan “Buyuk Turon” nomli sahna asari uchun qariyb 1 milliard so‘m, indoneziyalik ijodkorlar hamkorligida sahnalashtirilgan “Imom Buxoriy va Sukarno” spektakli uchun esa 500 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bu mablag‘ evaziga ham spektakllar yaratildi, ham dekoratsiya va liboslar keltirilib, teatrimizda qoldi. Ushbu moddiy texnik bazadan biz bir necha yillar samarali foydalanamiz. Ana shunday imkoniyatlar natijasida 25 ta davlat bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Jamoamiz bilan xorijiy davlatlarda gastrol safarlarida bo‘lyapmiz, xorijliklar teatrimizga kelib, spektakllar namoyish etmoqda. Bundan 2 yil ilgari Turkiyada o‘tkazilgan xalqaro festivalda qatnashdik. 27 mamlakatning nufuzli teatrlari ishtirok etgan mazkur tanlovda oliy o‘rin – gran-prini qo‘lga kiritdik.
O‘rta Osiyo teatri tarixida eng yirik loyiha
“Imom Buxoriy va Sukarno” spektakli teatrning eng yirik loyihalaridan biri bo‘ldi. Bu asar 1956 yilda Indoneziyaning birinchi prezidenti, janob Sukarno O‘zbekistonga tashrif buyurib, Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi va bu yo‘lda uchragan to‘siqlar haqida hikoya qiladi.
- Bu spektakl O‘zbekiston, hatto O‘rta Osiy teatri tarixida eng yirik loyiha bo‘ldi, - deydi B.Tugalov. – Sukarno va uning hamrohlari obrazini Indoneziyaning Jakarta shahridagi Bumi Purnati teatri aktyorlari, o‘zbekistonliklar rolini esa teatrimiz ijodkorlari ijro etdi. Bu sahna asarining premerasi O‘zbekistonda yuqori saviyada tashkil etildi. Spektakl Indoneziya, Malayziya va Singapur davlatlarining bir qator shaharlarida ham namoyish etilishi ko‘zda tutilgan Asar o‘zimizning repertuarimizda ham qolyapti. Spektakl ikki davlat ijodkorlari tomonidan onlayn tarzda ishlandi va 15 kun davomida teatrimizda sahnalashtirilib, repetitsiya jarayonlari o‘tkazildi. Indoneziyalik ijodkor Ahmad Favziy va O‘zbekiston xalq artisti Valixon Umarovlar tomonidan repetitsiya jarayonida har ikki davlat vakillari obrazini ijro etishda har ikki teatr aktyorlari sinovdan o‘tkazildi.
Botir Tugalovning aytishicha, bugungi kunda teatr reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda. Bir paytlar spektakl tomosha qilish uchun 4 nafar kishi kelgan bo‘lsa, bugun zalning yarmi tomoshabinlar bilan band. Ammo bu yaxshi natija degani emas. Haqiqat shuki, odamlar spektakl tomosha qilishga hafsala qilmay qo‘ydi. Kino ko‘radigan bo‘lsa ham, internet tarmog‘i orqali telefon yoki kompyuterga tikilishni odat qilgan. Bu esa miya faoliyatiga, ko‘z nuriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Teatrda spektaklni jonli tomosha qilishning esa gashti boshqacha.
To‘lqin Siddiqov,
Feruza Mamatqulova,
Baxtiyor Mustanov (foto+video).