Biz YUNESKO tanlovida qatnashyapmiz

Shu yilning 30 oktyabridan 13 noyabriga qadar Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Tashkilotning ushbu oliy qaror qabul qiluvchi organi so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Parijdagi bosh qarorgohidan tashqarida sessiya o‘tkazmoqda.

Konferensiya davomida ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalaridagi global strategiyalar, 2026–2029 yillarga mo‘ljallangan dastur va byudjet qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, madaniy merosni saqlash, sun’iy intellektning axloqiy jihatlari va gender tengligi kabi dolzarb masalalar muhokama etiladi. Samarqand shahrining bunday nufuzli tadbirga mezbonlik qilishi mamlakatimizning xalqaro hamkorlik va madaniy aloqalardagi rolini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

YuNESKO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti 1945 yil 16 noyabrda tashkil etilgan. Uning nizomi 1945 yilda Londonda tuzilgan va 1946 yilda kuchga kirgan. Tashkilotning bosh maqsadi ta’lim, fan, madaniyat va kommunikatsiya orqali xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali tinchlikni o‘rnatishga hissa qo‘shishdir.

YuNESKO faoliyati inson huquqlari, ta’lim sifatini oshirish, fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, jahon madaniy va tabiiy merosini himoya qilish, shuningdek, fikr almashish erkinligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. “Tinchlik inson aqliy va ma’naviy birdamligi asosida qurilishi kerak” degan g‘oya tashkilotning asosiy tamoyilidir. Mazkur tamoyil asosida turli tanlovlar, tadbirlar o‘tkaziladi.

Samarqand davlat chet tillar instituti YuNESKOning 2024 yilda Koreya Respublikasi ko‘magida ta’sis etilgan Xalqaro fuqarolik ta’limi mukofoti (Global Citizenship Education Prize) tanlovida ishtirok etmoqda. Tinchlikka xizmat qiluvchi loyihalarni taqdirlashga qaratilgan mukofot har ikki yilda bir marta ikki toifada (yoshlar tashkilotlari va boshqa tashkilot-muassasalarga) 50 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti tarzida beriladi.

Bizning institut fransuz filologiyasi kafedrasi “Le français dans l’école prescolaire en Ouzbékistan” (O‘zbekiston maktabgacha ta’lim muassasalarida fransuz tili) nomli dasturini tanlovga taqdim etgan. Ushbu dastur maktabgacha ta’lim tizimiga fransuz tilini erta joriy etish orqali kichik yoshdagi bolalarda madaniyatlararo muloqot, bag‘rikenglik va global fikrlash qobiliyatini shakllantirishni maqsad qilgan. Zero, yosh avlodga til o‘rgatish orqali boshqa madaniyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash YuNESKOning global fuqarolik ta’limi tamoyillariga to‘liq mos keladi. Ayni paytda dastur Samarqand shahridagi “Temur Fayz” xususiy maktabgacha ta’lim muassassasida tatbiq etilgan. Muassasadagi fransuz tili darslari institutimiz fransuz filologiyasi kafedrasining malakali mutaxasislari tomonidan Shveysariyaning “KOKORO Lingvo” til o‘qitish markazi dasturlari asosida amalga oshirib kelinmoqda.

Ulash Boboyev,

SamDChTI fransuz filologiyasi kafedrasi mudiri, dotsent.