Ikki asr ko‘rayotgan teatr – mavsum muborak!
Samarqand viloyat musiqali drama teatri 110-mavsumni Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tetr – bu ibratxonadir, teatr – oinadir, teatr to‘g‘ri so‘zlaguvchi va ochiq haqiqatni bildiruvchidir” degan gaplari bilan boshlandi.
- Teatr dastlab “Samarqand musulmon truppasi” deb atalgan, keyinchalik, “Samarqand musiqa, drama va adabiyot dastasi”, “Samarqand o‘zbek truppasi” deb yuritilgan, - dedi teatr direktori Iskandar Sultonov. - 1914 yil Samarqand teatri Behbudiyning “Padarkush” dramasi bilan o‘z ijodiy faoliyatini boshlangan. Hali oldimizda katta rejalar bor, yangi sahna asarlari yaratishni maqsad qilganmiz.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri F.Toshev teatr jamoasini hamda tomoshabinlarni yangi mavsum bilan tabrikladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri bosh rejissyori Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan Vilyam Shekspirning “Qirol Lir” tragediyasi namoyish etildi.
Husan ELTOYeV.