Teatrga nega bormay qo‘ydik?
Oxirgi marta qachon teatrga borgansiz? Oilangiz bilan teatrga tushgan kuningizni eslay olasizmi? Qaysi spektaklni yoqtirasiz?
Bu savollarga darhol javob beradiganlar juda ozchilikni tashkil etadi. Chunki tomoshabinlar avvalgidek teatrlarga serqatnov emas. Hatto ziyolililar, rahbar va xodimlar ham teatrga bormay qo‘ygan. Xo‘sh, bunga sabab nima?
Odamlar qanday fikrda?
Yaqinda Zarnews.uz telegram sahifamizda “Teatrga qachon borgansiz?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazgan edik. So‘rovnomada 35 foiz ishtirokchi “Oxirgi marta qachon teatrga borganimni eslolmayman” degan javobni tanlagan bo‘lsa, 36 foizi teatrga umuman bormagani, 13 foiz kuzatuvchi yilida bir-ikki marta borishini, 5 foizi oyda bir marta teatrga tushishini va 11 foizi “Bizda teatr bormi?” javobini belgilagan. Shuningdek, ishtirokchilar izohlarda tirikchilikdan ortmayotgani, teatrga borish uchun vaqt, mablag‘ yo‘qligi, ayrimlar puli bor odam teatrga bormasligini, kimdir teatrda yangilik yo‘qligini aytgan bo‘lsa, boshqasi qishloqlarda spektakl qo‘yishga joy yo‘qligini yozib qoldirgan.
Muammo nimada, uning yechimi-chi?
So‘rovnoma natijasi va izohlardan ko‘rinib turibdiki, spektakllarga qiziqish, umuman, aholida teatrga borish madaniyati shakllanmay qolgan va buning bir nechta sabablari bor.
Birinchidan, teatr faqat teatrga borib ko‘riladigan tomosha emas. Qadimda teatrlar bo‘lmagan vaqtda tomoshalar odamlar ko‘p to‘planadigan jamoat joylarida qo‘yilgan. Ammo keyingi paytda bu an’ana yo‘qolib, teatr jamoalarining hududlarga gastrol safarlari, ko‘chma spektakllar keskin kamayib ketgan. Natijada spektakllarga qiziqish va teatrga borish madaniyati yo‘qolib bormoqda. Teatr jamoalari hududlarga borib, aholiga tomoshalar qo‘yib berishi va fuqarolarning ham teatrlarga ko‘proq jalb qilish kerak. Afsuski, ikkala holat ham mablag‘ bilan bog‘liq bo‘lgani uchun spektakllarga qiziqish pasayib ketdi.
Viloyatimizda to‘rtta teatr bor. Hududlardagi aholining ushbu teatrlarga borishi uchun asosan transport muammo bo‘lsa, teatr truppalarining hududlarda tomoshalar qo‘yishi, turli tadbirlarga jalb qilinishi uchun yo‘l xarajatlari va bilet pullari teatrlar hisob raqamiga o‘tkazib berilishi kerak. Chunki teatr xodimlari o‘sha mablag‘ hisobidan oylik oladi va spektakl dekoratsiyalarini yaratish, asarlarni sahnalashtirishga ishlatiladi. Buning uchun esa mahalliy hokimliklar, korxona va tashkilotlar teatrlar hamda hududlardagi madaniyat bo‘limlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak.
Ikkinchidan, keyingi paytda axborot texnologiyalari rivojlanib, zamonaviy qurilmalardan ko‘p foydalanilyapti. Masalan, avvallari televideniyeda beriladigan spektakllar jonli ko‘rsatilgan va katta qiziqish bilan tomosha qilingan. Hozir esa bu ishlarni zamonaviy qurilmalar ortig‘i bilan bajarib beradi. Buning ustiga, hozir ijtimoiy tarmoqlar ham ommalashib ketgan va istalgan ma’lumotni, surat yoki videoni birpasda topish mumkin. Aytmoqchi bo‘lganim, bugun vaqtimiz, ayniqsa, yoshlarning aksariyati ko‘p vaqtini ana shu tarmoqlarga behuda sarflayapti. Shu bois yoshlar teatrga borish u yoqda tursin, spektakllarga qiziqmay qo‘ygan.
Uchinchidan, aksariyat hollarda teatrga borishda kattalar nafaqat o‘zining, balki bolalarning ham yosh toifasini hamda spektakllarning mavzusi, mazmunini hisobga olmayapti. Yaqinda bir tanishim bilan viloyat musiqali drama teatrida ko‘rishib qoldik. Farzandlarini spektakl tomoshasiga olib kelganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Bolalarning kattasi 10, kichigi 8 yosh ekan. Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni birgalikda tomosha qildik. Ammo bolalar spektaklni umuman tushungani yo‘q, ko‘rmadi ham. Kattasi otasining telefonini o‘ynab o‘tirgan bo‘lsa, kichigi xarxasha qilib, uxlab qoldi.
- Yoshlarning dunyoqarishini kengaytirish, ularni katta teatr tomoshalariga qiziqtirish qo‘g‘irchoq o‘yinlaridan boshlanadi, - deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Feruzbek Abdurayimov. – Teatrimizda asosan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun spektakllar namoyish etiladi. Chunki bu davrda bolalar yaxshilik va yomonlik, yovuzlik va qahramonlik obrazlarini qo‘g‘irchoqlar timsolida jonli ko‘rsa, ijobiy va salbiy obrazlarni ajratadi, asar qahramonlariga o‘xshashga harakat qiladi. Shuningdek, bola ulg‘aygan sari qo‘g‘irchoq tomoshalariga ishtiyoqi oshib boradi hamda katta teatrga qiziqish uyg‘onadi. Ammo bugun farzandini teatrga yetaklab keladigan ota-onalar kamayib ketgan. Ota-onalar har hafta bo‘lmasa ham, bir oyda bir kun teatrlar repertuari bilan tanishib, qaysi spektaklda nima ilgari suriladi, necha yoshli bolalarga mo‘ljallangani bilan qiziqsa, farzandi bilan birga o‘sha asarni ko‘rib, muhokoma qilsa, ham o‘zi, ham farzandi ma’naviy ozuqa oladi.
Keyingi paytda aksariyat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar teatrlar bilan hamkorlik qilmay qo‘ygan. Natijada bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar teatrga kam kelmoqda. Ijodiy jamoamiz ham hududlarga borib, ta’lim muassasalarida tomoshalar qo‘ymoqda. Lekin viloyatning barcha hududlariga borishning imkoni yo‘q. Shu bois, yaqinda Madaniyat vazirligiga haftaning shanba va yakshanba kunlari maktabdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida qo‘g‘irchoq teatrlariga tashrifini uyushtirish bo‘yicha taklif berdik.
Ziyolilar teatrga borishda o‘rnak bo‘lishi kerak
2023 yil 22 dekabr kuni Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz “Agar hozir “Qani, oxirgi bir oyda qaysi teatrga bordingiz, qanday yangi kitob o‘qidingiz?”, deb so‘rasam, o‘ylaymanki, aksariyat rahbarlar xijolat bo‘lib qolishi mumkin. Holbuki, rahbar-yetakchilar ijtimoiy dunyoqarash, madaniy saviya bo‘yicha boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari kerak”, degan edi. Shuningdek, idora va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilish, xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish ta’kidlangandi.
Xo‘sh, viloyatdagi qaysi soha rahbar va xodimlarining teatrga muntazam borishi yo‘lga qo‘yildi?
- Hozir rahbar va xodimlar, umuman, ziyolilar o‘zini ko‘rsatadigan, jamoatchilikka o‘rnak bo‘ladigan payt, - deydi viloyat musiqali drama teatri direktori o‘rinbosari Uyg‘un Nurmonov. – Ammo keyingi paytda ziyolilarning sanoqli qismi teatrga keladigan bo‘lib qolgan. Xususan, teatrimizga asosan ichki ishlar, prokuratura organlari rahbar va xodimlari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali o‘qituvchi va talabalari hamda ayrim ijodkorlar muntazam kelib turibdi. Hududlardan keladiganlar tomoshabinlar esa keskin kamayib ketgan. To‘g‘risi, ayrim vaqtlarda tomoshabin kelmagani uchun spektakl qo‘ya olmaymiz. Ko‘pchilik teatr bilet narxlari qimmat deb o‘ylashi mumkin, lekin unday emas. Biletlar tomoshabinning yoshiga qarab 10 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha sotiladi. Bayramlar arafasida va teatr haftaligi kunlarida esa spektakllar bepul namoyish etiladi.
Aytish joizki, teatrlarda qo‘yiladigan spektakllar ham 100 foiz talabga javob beradi deb bo‘lmaydi. Jumladan, keyingi paytda tarixiy va real hayotiy spektakllarga talab oshgan. Hozir teatrimizda 20 dan ortiq spektakl namoyish etilayotgan bo‘lsa, shundan 7 tasi hayotiy spektakl hisoblanadi. Bu spektakllarni ko‘rgan tomoshabin yangi spektakl so‘raydi. Teatrlar rejasiga ko‘ra, yilida to‘rtta yangi spektakl sahnalashtirilishi kerak. Lekin tomoshabinlar talab va takliflarini hisobga olgan holda teatr rejissyorlari ham tashabbus ko‘rsatishi va yangi asarlar sahnalashtirish uchun ishlashi kerak.
Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasiga, jumladan, teatr san’atini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Xususan, soha Prezident darajasida muhokama qilinib, tizimda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Mas’ullar ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash bilan birga, yuqorida qayd etilgan muammolarga ham e’tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.