"El-yurt umidi"dan yoshlarning umidi katta

Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi mamlakatimizning malakali kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim institutlardan biridir.

Jamg‘arma tashkil etilgan kundan boshlab, uning faoliyati bo‘yicha qator Prezident farmonlari va hukumat qarorlari qabul qilinib, doimiy takomillashtirib kelinmoqda.

Xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni istovchilarga “El-yurt umidi” stipendiyasi joriy etilib, uning g‘oliblari ochiq tanlov asosida, ya’ni test sinovlari va suhbat orqali aniqlanadi. Bundan tashqari, stipendiatlarning mamlakatga qaytgandan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi. Shuningdek vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari uchun maqsadli stajirovkalar tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Jamg‘armaning asosiy maqsadi O‘zbekiston uchun ustuvor sohalarda yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan, vatanparvar kadrlarni yetakchi xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda tayyorlashdan iborat.

Ayni damda “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025 yil uchun 2-stipendiya tanlovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan jamg‘arma rahbariyati tomonidan joylarda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etib borilmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan ushbu uchrashuvda jamg‘arma mutaxassislari tomonidan yoshlarga jamg‘arma faoliyati, stipendiya tanlovlarini o‘tkazish tartibi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekistonning jahon miqyosidagi raqobatbardosh, bilimli va professional kadrlar bazasini yaratishga xizmat qilmoqda.

Farhod Mustafoqulov,

SamDChTI  o‘qituvchisi, “El-yurt umidi” jamg‘armasining

2022 yilgi stipendiya tanlovi g‘olibi.