"Dinamo" 26 yoshli urugvaylik markaziy himoyachi bilan shartnoma imzoladi

"Dinamo" jamoasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davom etmoqda.

Klub axborot xizmati xabariga ko‘ra, Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi mashg‘ulotlarda futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash, jamoaga legioner va kuchli mahalliy futbolchilarni jalb qilish hamda turli ishlanmalar ustida ishlamoqda.

Yig‘in doirasida jamoa safiga urugvaylik Mauro Brazil kelib qo‘shildi. 26 yoshli legioner markaziy himoyachi bilan bir yillik shartnoma imzolandi.

Mauroning so‘nggi klubi Urugvay chempionati vakili "Serro-Largo" klubi bo‘lib, 2025 yilda Klausurada 5-o‘rinni egallagan.

Mauro Brazil o‘z vaqtida Urugvay U-20 yoshlar jamoasi safida 10 ta o‘yinda maydonga tushgan. Shuningdek, u Urugvay milliy jamoasiga ham chaqirilgan bo‘lib, debyut o‘yinida Kosta-Rikaga qarshi bahsda markaziy himoyada harakat qilgan.

Mauro Brazil – "Dinamo" tarixidagi urugvaylik ilk o‘yinchiga aylandi.

Dubaydagi yig‘in 29 yanvarga qadar davom etadi va "Dinamo" bugun, 19 yanvar kuni dastlabki nazorat bahsida Qozog‘istonning "Qaysar" klubiga qarshi maydonga tushadi. 

O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida jamoa tarkibi kuchaytirilib, Qozog‘iston va Rossiya klublariga qarshi bellashuvlar o‘tkaziladi.