Qiyinchilik, mehnat, xarakter, natija: «Dinamo»ning yorqin mavsumi

Bu yil Samarqand haqiqiy futbol havosi bilan yashadi. Mavsum davomida turli qiyinchiliklarga qaramay, borini berib kurashgan «Dinamo» chempionatning eng yorqin jamoalaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi.

Vadim Abramov boshchiligida jamoa oxirgi soniyalargacha Superligada kumush medali uchun kurash olib bordi va yakunda 58 ochko jamg‘arib, 25 yil avvalgi eng yaxshi natijasini takrorlagan holda to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Chempionlik muddatidan oldin 64 ochko to‘plagan «Neftchi»ga nasib etgan bo‘lsa, «Paxtakor» 60 ochko bilan kumush, «Nasaf» 59 ochko bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.

«Dinamo» safar o‘yinlarida tengsiz, futbolchilar yilning eng yaxshilari qatorida
2025 yilgi mavsumda «Dinamo» safar o‘yinlaridagi natijalar bo‘yicha Superligada tengsiz bo‘ldi. Abramov shogirdlari mehmon sifatida o‘tkazilgan 15 uchrashuvda 8 g‘alaba, 5 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etib, safarda 29 ochko jamg‘ardi. Qizig‘i, jamoa uy o‘yinlarida ham aynan shuncha ochko to‘pladi.
Mavsum davomida «Dinamo» tarkibida bir qator yosh va iqtidorli futbolchilarning o‘yini alohida ajralib turdi.

Ular orasida 20 yoshli Firdavs Abdurahmonov Superliganing eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. U joriy mavsum 23 uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Shu nominatsiya ro‘yxatida yana bir «Dinamo»chi Oybek O‘rmonjonov ham qayd etildi. 21 yoshli markaziy himoyachi Jahongir O‘rozov esa mavsumda eng ko‘p maydonda bo‘lgan futbolchilardan biri sifatida (28 o‘yin, 2521 daqiqa) milliy terma jamoaga ilk bor chaqiruv oldi va «Superliga–2025» ramziy jamoasiga kiritildi.

Shuningdek, jamoaning braziliyalik legioner futbolchisi Jurani Ferreira ham ramziy jamoadan o‘rin oldi. «Dinamo» bosh murabbiyi Vadim Abramov «Yilning eng yaxshi murabbiyi», hujumchi Anvarjon Hojimirzayev esa «Yilning eng yaxshi futbolchisi» nomiga nomzod sifatida ko‘rsatildi.

Futbolchilarning transfer bahosi ham oshdi
“Transfermarkt” portali ma’lumotlariga ko‘ra, «Dinamo» tarkibidagi deyarli barcha futbolchilarning transfer bahosi o‘sgan. Jamoa umumiy baholash bo‘yicha 7-o‘rinda qayd etilgan. Himoyachi Jaloliddin Jumaboyev va yarimhimoyachi Behruzbek Obloqulov Superligada transfer bahosi eng ko‘p oshgan o‘yinchilar orasida TOP–10likdan joy olgan. Jamoadagi eng qimmat futbolchilar ro‘yxatida Jahongir O‘rozov – 600 ming yevro, Dmitriy Pletnyov – 450 ming yevro, Ratinio, Anvarjon Hojimirzayev va Xislat Xalilov – 400 ming yevrolik bahosi bilan qayd etilgan.

Abramov: “Tarkibni saqlab qolishimiz kerak”
Oliy liganing so‘nggi turidan keyin Vadim Abramov mavsum haqida fikr bildirib, jamoaning kelgusidagi rejalariga to‘xtaldi.
— Mavsumni to‘rtinchi o‘rindan yuqoriroqda yakunlashimiz va, hatto, kumush medalni qo‘lga kiritishimiz mumkin edi, — dedi V.Abramov. — Tarkibda yo‘qotishlarimiz ko‘p bo‘ldi, jarohatlar va moliyaviy muammolar qiynab qo‘ydi. Muxlislarning jamoadan xursand ekani quvontiradi, harholda ular uchun o‘ynaymiz. Futbolchilarda boshqa klublardan takliflar bor, ammo bularning hammasi ham menga bog‘liq emas. Samarqandga jamoa kerak bo‘lsa, biz qo‘l ostimizdagi tarkibni saqlab qolishimiz kerak.
Superliganing joriy yilgi mavsumi tugagach, jamoalarga 20 dekabrgacha ta’til berilgan. Bu vaqt oralig‘ida klublar tarkibini kuchaytirish va keyingi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yangi bosh murabbiy va futbolchilar bilan shartnoma imzolamoqda yoki uni uzaytirmoqda.

Jumladan, vodiy jamoalari bu borada harakatlarni boshlab yubordi. Lekin viloyatimizning bosh jamoasi yangi mavsumda qanday tarkib va qaysi murabbiy qo‘l ostida ishtirok etishi haqida aniq ma’lumotlar berilmadi.

“Dinamo” 2025 yilgi mavsumda o‘zining xarakterini, salohiyatini va yuksalishga qodir jamoa ekanini isbotladi. Bu natijalar ortida esa bosh murabbiy Vadim Abramovning mehnati, tajribasi va to‘g‘ri tanlovi turibdi. Murabbiy tarkibni shakllantirdi, yoshlar uchun imkoniyat yaratdi va jamoaga raqobatbardosh ruh bag‘ishladi. Agar klub shu yilgi mavsumda o‘ynagan futbolchilar bilan shartnomani uzaytirib, tarkibni saqlab qolsa va zarur sharoitlar yaratilib, Abramovga ishonch bildirilsa, «Dinamo» kelgusi mavsumlarda ham yuqori o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.