O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining o‘ldirilishi holati bo‘yicha rasmiy munosabat
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Shishli tumanida vatandoshimiz vafoti to‘g‘risidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildi.
Aniqlanishicha, 2026-yil 24-yanvar kuni soat 19:40 atrofida Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindilar orasidan buyum to‘plab yurgan fuqaro konteyner ichida o‘ralgan jasadni ko‘rib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Ko‘rik jarayonida jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan.
Bosh konsulxona tomonidan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida marhumaning shaxsi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Hakimova Durdona ekani tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 2 nafar fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.
Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatildi hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv jarayonlari Bosh konsulxona nazoratiga olingan.
Bosh konsulxona ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni rasmiy manbalar orqali taqdim etib boradi.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Tashqi ishlar vazirligi