Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Bugungi talaba - to‘rt devor orasida emas, katta hayot ostonasida

Talabalik... Kimdir uchun bu – katta orzular sari qo‘yilgan ilk qadam, kimdir uchun esa ota-ona bag‘ridan uzoqda kechadigan mustaqil hayotning boshlanishi. Yangi shahar, yangi muhit, notanish insonlar va eng muhimi – o‘z qarorlarini o‘zi qabul qilishga to‘g‘ri keladigan davr.
Bu davrda talaba uchun yana bir maskan borki, u yillar o‘tib ham xotiradan o‘chmaydi. Bu – talabalar turar joyi, xalq tilida aytganda, yotoqxona.

Yotoqxona deganda ko‘z o‘ngimizda faqat xonalar va uzun koridorlar gavdalanmasligi kerak. Zero, bu yerda talaba birinchi bor mustaqil hayotning zavqi va mas’uliyatini his qiladi. Bir xonada turli hududlardan kelgan yoshlar tanishadi, do‘stlashadi, birga dars qiladi, orzu qiladi. Tunda imtihonga tayyorgarlik, oshxonadagi qizg‘in suhbatlar, koridorlardagi shovqin-suron, bir-biridan xabar olib turishlar... Bugun oddiydek tuyulgan bu lahzalar ertaga talabalikning eng shirin xotiralariga aylanadi.

Darhaqiqat, yotoqxona – yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlaydigan o‘ziga xos maktab. Bu yerda ular vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, mablag‘ni tejab sarflash, maishiy yumushlarni bajarish, turli vaziyatlarda mustaqil qaror qabul qilishni o‘rganadilar. Eng muhimi, shu maskanda bog‘langan do‘stlik rishtasi yillar sinovidan o‘tib, umr o‘tgan sari mustahkamlanib boradi.
 
Yotoqxona ham o‘zgaryapti: endi bu yerda o‘qish ham, yashash ham qulay
Keyingi yillarda mamlakatimizda talabalar turar joylariga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Yangi va zamonaviy yotoqxonalar barpo etilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinib, talabalar uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda.
Bugungi talabalar turar joylari shunchaki yashash uchun mo‘ljallangan binolar emas. Ularda kutubxona, dars tayyorlash xonalari, dam olish va sport bilan shug‘ullanish uchun joylar mavjud. Yuqori tezlikdagi internet tarmoqlari ham yoshlarning ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalari sonining ortishi va talabalar kontingentining kengayishi esa talabalar turar joylariga bo‘lgan ehtiyojni ham oshirdi. Shu bois yotoqxonalarga joylashish jarayonini yanada qulay va shaffof tashkil etish maqsadida onlayn tizim joriy qilindi.

2024 yildan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun my.gov.uz portali orqali onlayn ariza berish asosida talabalar turar joyiga joylashish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, dastlab mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, nogironligi bo‘lgan talabalar, bir oiladan ikki va undan ortiq to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan farzandlar, fan olimpiadalari, “Yil talabasi” va boshqa tanlovlar g‘oliblariga ustuvorlik beriladi.
Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar quyidagi nisbatda navbat asosida taqsimlanadi:
1-kurs talabalari uchun — 55–65 foiz;
2-kurs talabalari uchun — 15–20 foiz;
3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun — 20–25 foizgacha.
Arizalar qabuli har yili 1 avgustdan boshlanib, o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.


 
Yangi talabalar turar joylari — yangi imkoniyatlar
Viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ham talabalar turar joylari yildan-yilga ko‘payib, yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, yaqinda Samarqand davlat tibbiyot universitetida talabalar uchun zamonaviy va qulay sharoitlarga ega 500 o‘rinli yangi talabalar turar joyi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Bu yerda yashash, dam olish va ta’lim olish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Har bir qavatda ikkitadan zamonaviy oshxona, ikkitadan yuvinish xonasi, talabalar dam olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun ikkitadan xona mavjud. Bino to‘liq Wi-Fi tarmog‘i bilan ta’minlangan.
Universitet tasarrufida jami 3450 o‘ringa mo‘ljallangan 6 ta davlat va 1 ta davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ular talabalarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Yangi o‘quv yili boshida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida ham davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan 420 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
E’tiborlisi, mamlakatimizning boshqa oliy ta’lim muassasalaridagi yangi yotoqxonalarning ochilish marosimi ham bir vaqtning o‘zida jonli efir orqali o‘tkazildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qung‘irotboy Sharipov tadbirni ochib berib, bu yoshlar uchun Mustaqillik bayrami arafasida katta tuhfa ekanini ta’kidladi.

– Men Toshkent viloyatidanman, – deydi Durdona Odilova. – Shu yil Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining biznesni boshqarish yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Xonamiz to‘rt kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, zarur mebel jihozlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, har qavatda oshxona, alohida kir yuvish xonasi va ma’naviyat xonasi bo‘lib, talabalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

– Men Urgut tumanida istiqomat qilaman, – deydi Hikmatullo Alimboyev. – Mazkur institutning buxgalteriya yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Institut yotoqxonasidan joy oldim va kursdoshlarim bilan turibman. Talabalar turar joyining har oylik to‘lovi 400 ming so‘m ekan. Bu yerdagi zamonaviy shart-sharoitlar menga yoqdi. Yangi maskanda hamma narsa yangi va ozoda, kishining kayfiyatini ko‘taradi.
Bugungi talabalar turar joylari zamon talablariga mos ravishda qurilib, jihozlanmoqda. Masalan, ikki yoki to‘rt kishilik xonalarning har birida alohida yuvinish xonasi va hojatxona mavjud. Oshxonalar muzlatkichlar, kirxonalar esa kir yuvish mashinalari bilan jihozlangan.
Albatta, yaratilgan bunday sharoitlarni asrab-avaylash, yashash joyini toza va ozoda saqlash har bir talabaning mas’uliyatidir.

Zero, talabalar turar joyi – shunchaki yotoqxona emas. Bu kelajakdagi olimlar, shifokorlar, muhandislar va ijodkorlarning mustaqil hayotga ilk qadamlari tashlanadigan qaynoq maskan.
Yotoqxona devorlari ko‘plab hikoyalarning guvohi bo‘ladi: tunlari yozilgan referatlar, imtihon oldidan kechgan hayajonli lahzalar, samimiy suhbatlar, shirin orzular va ertangi kunga bo‘lgan ishonch...
Yillar o‘tib, talaba bu maskanni tark etadi. Ammo yotoqxonada orttirilgan do‘stlar, kechirilgan quvonch va tashvishlar, mustaqil hayotga o‘rganilgan kunlar xotirasi uning qalbida uzoq vaqt yashaydi.

Xurshida ERNAZAROVA.