“Dolzarb 90 kun”: Oyiga 15 million so‘m topayotgan talaba yoxud yozgi ta’til imkoniyatlari
Samarqand davlat universitetining iqtisod yo‘nalishida o‘qisam-da ingliz tiliga qiziqishim kuchli. Yaqinda IELTSdan 8,5 ballni qo‘lga kiritdim. Shu kunlarda 50 nafar o‘quvchiga repititorlik qilyapman. Oyiga o‘rtacha 15 million so‘m daromad topyapman.
Bu yutuqlar Past Darg‘om tumani Qo‘qoni mahallasi yoshlaridan biri Sherbek Alisherovga tegishli.
- 7 yildan beri ingliz tilini o‘rganib kelyapman, - deydi u. – Bundan uch yil avval 6 ballik IELTS sertifikatiga ega edim. Yildan-yilga darajamni oshirib boryapman. Bu yutuqlarga erishishim oson bo‘lmadi, albatta. Maktabni bitirgan paytimda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgandim, Oliy o‘quv yurtiga to‘lov shartnoma asosida o‘qishga kirganman. Oilaviy sharoitimiz og‘irroq bo‘lgani uchun birinchi kursligimda kontrakt pulini topish muammo bo‘lgan. Shunda mahallamiz yoshlar yetakchisi ko‘magi bilan menga “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan zarur mablag‘ ajratildi. Bugun o‘zimga o‘xshab qiynalib turgan, oilasida moliyaviy muammosi bor bolalarga bepul ta’lim berib kelyapman.
Sherbek Alisherov mahalladagi 20-maktabda ta’lim olgan. Mazkur ta’lim muassasasida u kabi bilimga chanqoq, izlanuvchan, yosh bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab yutuqlarga erishayotgan o‘quvchilar ko‘p.
- Ayni yozgi ta’til paytida bu yerda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida to‘garaklar tashkil qilingan, - deydi maktab direktori Mashhura Turdimurodova. - Xususan, sportning voleybol, futbol, shaxmat-shashka turlari, musiqa va san’at hamda turli fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilyapti. Bu to‘garaklarda har kuni 80 nafardan ortiq o‘quvchi qatnashyapti. Maktabda tashkil etilgan to‘garaklar samarasi ham yomon emas. Masalan, 7-sinf o‘quvchisi Javohir Usmonqulov sportning boks turi bo‘yicha ham mamlakat, ham Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 6-sinf o‘quvchisi Dinora Zohidova eshkak eshish bo‘yicha respublika paralimpiada musobaqasida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Mahallada uyushmagan yoshlar ham e’tibordan chetda qolmaydi.
- 2024 yilda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning bosh prokuror kubogi uchun o‘tkazilgan kurash bo‘yicha musobaqaning respublika bosqichida mahallamiz yoshlaridan biri Marhabo Elmurodova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Oybek Ko‘bayev. - Shu munosabat bilan mahallamiz yoshlari uchun maktab hovlisidan yer ajratilib, “Street work out” maydonchasi qurib berildi. Hozirda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida yoshlarimiz shu maydonchada bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazyapti.
Dilnoza Ahmadova,
Baxtiyor Mustanov (foto+video).