Talaba dasturchi: "Dadamning sovg‘asi dasturchi bo‘lishimga sababchi bo‘ldi"
Nurobod tumanining Oqsoy qishlog‘ida tug‘ilganman. Bolaligimdan, ya’ni maktabda o‘qib yurgan vaqtlarimdanoq axborot texnologiyalariga qiziqqanman. Ammo o‘sha paytlarda men ta’lim olgan 65-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kompyuterlar muammosi mavjud edi. Shunday bo‘lsa-da qiziqishimni so‘ndirmadim.
Maktabni tugatib, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti akademik litseyida o‘qishimni davom ettirdim. Bu yerda kompyuterni o‘rganish uchun imkoniyatlar borligi axborot texnologiyalari yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqishimning yanada ortishiga sabab bo‘ldi. Buni sezgan dadam agar institutga grant asosida o‘qishga kirsam kompyuter sovg‘a qilishini aytdi. Kuchli tayyorgarlik natijasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Dadam bergan va’dasining ustidan chiqib, menga eng so‘nggi rusumdagi kompyuter sovg‘a qildi.
Talabalik davrimning ilk kunlaridan ham uyda, ham oliy o‘quv yurtida kompyuterni chuqurroq o‘rganishni boshladim. Avvalo oddiy, keyinchalik murakkab dasturlash tillari bilan tanisha boshladim. Natijada hozirgacha ikkita dastur yaratganman.
Birinchisi simsiz tarmoqlarda aloqa qamrovi hududini hisoblash dasturi bo‘lib, buni yaratish uchun 3 oy vaqt ketgan. Dastur, masalan, uyali aloqa stansiyasidan tarqalayotgan signalning masofa va relefga qarab parametrlar o‘zgarishini hisoblab beradi. Buni agar inson hisoblasa yarim soat vaqt sarflaydi. Dastur esa bu vazifani yarim soniyada bajaradi. Ikkinchisi oddiyroq bo‘lib, logoperiodik antennaning parametrlarini hisoblash dasturi. Buning uchun bir oydan kamroq vaqt sarflaganman.
Filialda birinchi bosqichdanoq a’lo baholarga o‘qib kelyapman. Ustozim Hotam Mirzaqulov ko‘magi bilan ilmiy izlanishlar olib boryapman. O‘ndan ziyod maqolalarim respublika nashrlari va xalqaro jurnallarda chop etildi.
O‘tgan 2023 yil so‘ngida yana bir muvaffaiyatga erishdim, ya’ni Prezident davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldim. Bu menga quvonch bag‘ishlash bilan birga mas’uliyat ham yukladi. Kelgusida o‘qishimni magistraturada davom ettirish, ilmiy izlanishlar olib borish va yangidan-yangi dasturlar yaratishni oldimga maqsad qilib qo‘yganman.
Bejan NORMAHMADOV,
TATU Samarqand filiali talabasi.