Tibbiy sug‘urta imkoniyatlari yoxud oddiy oila bekasi jigar ko‘chirish amaliyotidan keyin oyoqqa turdi

Bugun aholining tibbiy madaniyatini oshirish, har bir fuqaroning salomatligiga mas’uliyat bilan yondashishini ta’minlash - sog‘lom avlodni voyaga yetkazishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shunday muhim yo‘nalishlardan biri tibbiy sug‘urta tizimidir. Ammo ko‘plab fuqarolarimiz bu tizimning mazmun-mohiyatidan yetarlicha xabardor emas.

Ijodiy jamoamiz tomonidan aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, ayrimlar tibbiy sug‘urta haqida umuman ma’lumotga ega emas, ba’zilar undan foydalanib kelayotgan bo‘lsa-da, bu tizimni aynan tibbiy sug‘urta deb bilmaydi. Yana boshqalar esa sug‘urta deganda faqat pullik, majburiy to‘lovni ko‘z oldiga keltiradi.

- Ayolimga jigar ko‘chirish masalasi bizni ancha vaqtdan beri qiynab kelardi, - deydi so‘rov ishtirokchilaridan biri. -  Uni Hindistonga ham oborib kelganman. U yerda 30 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ ketishini aytgandi. Bu pulni topish esa amrimahol edi. Masalaning yechimi qishlog‘imizdan boshlanishini bilmagan ekanmiz. Mahallamizdagi oilaviy shifokorga uchrashdik, u tuman markaziga yo‘llanma berdi. Murojaatimiz tuman, viloyat hamda respublika darajasida o‘rganildi va davlat tibbiy sug‘urtasi muammoga yechim bo‘ldi. Jigar ko‘chirish amaliyoti Samarqand shahrida mamlakatimizdagi tajribali shifokorlar tomonidan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 300 million so‘m atrofidagi mablag‘ davlat tomonidan qoplab berildi. Ayolim oyoqqa turdi. Buning uchun juda minnatdorman. 

Sug‘urta deganda ko‘pchilik to‘lovni tushunadi, ammo davlat tibbiy sug‘urtasi fuqarolar uchun qo‘shimcha to‘lov talab qilmaydi. Bu - davlat tomonidan moliyalashtiriladigan, jamiyat sog‘lomligi yo‘lida xizmat qiluvchi tizim.

- Hozirgi kunda jahon amaliyotida tibbiy sug‘urtaning uch asosiy turi mavjud: majburiy tibbiy sug‘urta, ixtiyoriy tibbiy sug‘urta va davlat tibbiy sug‘urtasi, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ubaydulla Husanov. - O‘zbekistonda  hozirgi kunda davlat tibbiy sug‘urta tizimi ishlab turibdi. Bu degani, fuqarolar davlat kafolati ostida, belgilangan tartibda bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqiga ega. Tumanimizning har bir hududida, hatto olis Jizmonsoy, Andoq va boshqa qishloqlarda ham tibbiyot punktlari mavjud. Dastlab, fuqaro shu tibbiyot punktida faoliyat olib boradigan oilaviy shifokorga uchrashishi kerak bo‘ladi. Agar unda kasallik aniqlanadigan bo‘lsa, shu xastalik darajasiga qarab davolanadi. Og‘irroq darajada bo‘lsa, tuman, viloyat va respublika markazlariga D-MED dasturi orqali, ya’ni elektron shaklda yo‘naltiriladi. Agar bemor oilaviy shifokorga uchrashmasdan, o‘z xohishi bilan tuman yoki viloyat markazlaridagi tibbiy muassasalarga murojaat qiladigan bo‘lsa, unga pullik xizmat ko‘rsatiladi. Bemorlarda murakkab jarrohlik amalitiyotlari o‘tkazilishi kerak bo‘lsa, nogironligi, kambag‘al oilalar ro‘yxatida turishi va boshqa shu kabi ijtimoiy ahvoliga qarab ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun sarflanadigan mablag‘ ham davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi - bu fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishda davlat kafolatini ta’minlaydigan tizim. U orqali aholi bepul tibbiy yordam, dori-darmon bilan ta’minlash, diagnostika va shoshilinch xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Hozirgi kundagi asosiy vazifa - aholini tibbiy sug‘urta mazmuni bilan tanishtirish, ularda to‘g‘ri tushuncha va ishonchni shakllantirishdir. Chunki har bir inson o‘z sog‘lig‘ini muhofaza qilishga mas’ul va davlat yaratayotgan imkoniyatlardan to‘la foydalanishga haqli.

Shunday ekan, tibbiy sug‘urta - bu majburiyat emas, balki sog‘lom hayot kafolati. Uning mohiyatini anglab yetish, fuqarolarning sog‘lig‘iga, demak, mamlakat kelajagiga bo‘lgan e’tiboridir.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.