Intellektual mulk huquqi buzilganda qaysi sudga, qay tartibda murojaat qilish kerak?
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 53-moddasida har kimning ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi kafolatlangan.
Shuningdek, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi va intellektual mulkning qonun bilan muhofaza qilinishi belgilangan. Davlatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanish haqida g‘amxo‘rlik qilishi ham mustahkamlangan.
Intellektual mulk huquqini konstitutsiyaviy darajada e’tirof etmasdan turib, samarali iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga erishish qiyin. Konstitutsiyada ushbu huquqning belgilanishi intellektual mulkni oddiy mulk sifatida tan olish imkonini beradi. Shu bilan birga, uni daromad keltiruvchi muhim iqtisodiy resurs sifatida baholashga xizmat qiladi.
Intellektual mulk insonning ijodiy va aqliy faoliyati mahsuli hisoblanadi. U iqtisodiyot rivojining muhim tarkibiy qismidir. Rivojlangan davlatlarda intellektual mulkka katta e’tibor qaratilishi natijasida investitsiyaviy jozibadorlik oshgan. Yalpi ichki mahsulotda intellektual mulkning ulushi ham ortib bormoqda.
Shu bois, intellektual mulk sohasini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Tadbirkorlik va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur sharoit yaratish lozim. Intellektual mulk huquqlarining ishonchli himoya qilinishi mamlakatning xalqaro nufuzini oshiradi.
Qonunchilikka ko‘ra, har bir shaxsning intellektual mulk huquqlari himoya qilinadi. Bu huquqlar fuqaro, yuridik shaxs va chet el rezidentlariga birdek taalluqli. Ushbu huquqlarni buzganlik uchun fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Manfaatdor shaxs intellektual mulk huquqi buzilganda sudga murojaat qilish huquqiga ega. U fuqarolik-huquqiy himoya choralarini qo‘llashni talab qilishi mumkin.
Oliy sud Plenumining 2023 yil 23 iyundagi qarorida intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha muhim tushuntirishlar berilgan. Unda sudlar tomonidan qonunchilikni bir xil va to‘g‘ri qo‘llash masalalari yoritilgan.
Intellektual mulkka oid nizolar turli huquqiy xususiyatga ega. Shu sababli, ularning qaysi sudga taalluqli ekanini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Meros bilan bog‘liq intellektual mulk nizolari fuqarolik sudlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, xizmat vazifasi asosida yaratilgan asar, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va boshqa ob’yektlarga oid nizolar ham ushbu sudlarga taalluqli.
Ixtiro, tovar belgisi, firma nomi kabi ob’yektlarga bo‘lgan huquqlarni buzgan yuridik shaxslarga nisbatan jarima undirish haqidagi da’volar iqtisodiy sudlarda ko‘riladi.
Intellektual mulk ob’yektlarining huquqiy muhofazasi deganda ularning qonunchilik asosida tan olinishi tushuniladi. Shuningdek, muallif va huquq egalariga mutlaq huquqlar berilishi nazarda tutiladi. Davlat ularni himoya qilish uchun huquqiy imkoniyatlarni ta’minlaydi.
Qonunchilikka ko‘ra, individuallashtirish vositalariga oid huquqlar intellektual faoliyat natijalariga oid huquqlardan farq qiladi. Bu holatda huquq egalariga asosan mulkiy huquqlar tegishli bo‘ladi.
Mulkiy huquq to‘liq o‘tkazilganda, huquq boshqa shaxsga o‘tadi. Qisman o‘tkazilganda esa huquqning bir qismi avvalgi egasida saqlanib qoladi.
Tovar belgisi egasining huquqini himoya qilish haqidagi talabi guvohnoma bekor qilinmaguncha amal qiladi. Shuning uchun ikkinchi tarafning ro‘yxatdan o‘tkazish qonuniy emasligi haqidagi vajlari talabni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.
Tovar belgisiga oid guvohnomani muddatidan oldin bekor qilish ishlarida sud har bir tovar va xizmat bo‘yicha tovar belgisidan foydalanilganligini tekshiradi.
Amaliyotda ham bunday nizolar uchrab turadi. Masalan, “Red Flower” kompaniyasi sudga murojaat qilib, “New Life” MChJning “Cool” tovar belgisi ostidagi ichimliklarni O‘zbekiston hududida muomalaga kiritishini taqiqlashni so‘ragan. Qonunga ko‘ra, tovar belgisi tovar va xizmatlarni boshqalardan farqlash uchun xizmat qiladigan belgi hisoblanadi. U belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Shuningdek, avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgilariga o‘xshash belgilar qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Qonunning 26-moddasiga ko‘ra, tovar belgisi egasi undan foydalanish va tasarruf etish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega.
Sudga taqdim etilgan hujjatlarda “Cool” tovar belgisi da’vogar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlangan. Mazkur tovarlar javobgar tomonidan O‘zbekiston hududiga olib kirilgan. Biroq ushbu tovarlarni fuqarolik muomalasiga kiritish bo‘yicha mutlaq huquq da’vogarga tegishli bo‘lgan. Javobgarda esa bunday huquq ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Shu sababli sud da’vogarning talabini qanoatlantirgan.
Nizom Yusupov,
Andijon viloyat sudi raisi o‘rinbosari, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi.