Siyosiy sharh va... yangilangan poliklinika

Urgutda yangi qurilgan poliklinikadan maqola tayyorlash uchun yo‘lga chiqdim. Yo‘l davomida qo‘limizdagi doimiy hamrohimizga aylangan, zamonaviy qulaylik bo‘lgan telefon orqali yangiliklar bilan bir qur tanishib chiqdim, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatdim.

Taniqli siyosiy sharhlovchi Kamoliddin Rabbimovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida aynan men borayotgan manzil haqidagi fikrlarni o‘qib, qiziqishim ikki hissa ortdi. Siyosiy sharhlovchi oddiy poliklinika misolida mamlakat rivojlanishi haqida quyidagicha fikrlarni bildirgan edi:

“O‘zbekiston – nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik jamiyat, balki post-sovet va turkiy dunyodagi eng yirik ikkinchi mamlakatga aylanib bo‘ldik. Mamlakatning yirikligi – uning sarhadi, tog‘u toshlari va yerlarining kvadrat kilometri bilan o‘lchanmaydi, balki unda yashayotgan insonlar soni va salmog‘i bilan o‘lchanadi.

Sobiq ittifoq qulagan davrda 20 million atrofida edik, bugun 40 million ostonasidamiz. Bugun – katta millatmiz, ulkan xalqmiz. O‘zbekistonning demografik o‘sib borishi – bu katta fazilat, katta ijobiy holat, qudrat parametrlaridan biri. Xayrlisi shuki, O‘zbekistonning demografik o‘sib borishi bilan birga, iqtisodiy o‘sishi, infrastrukturaviy o‘sishi ham parallel ketmoqda.

Bahrindagi poliklinika huddi katta shaharlar poliklinikasi darajasiga yetkazilibdi. Xuddi shunday sharoitdagi poliklinikalar O‘zbekistonning barcha olis qishloqlarida ham qurilishi – vaqt masalasi.

Maktablar, bog‘chalar, poliklinikalar, universitetlar, mustahkam va keng yo‘llar va hokazolar – millatning rivoji uchun eng zarur infrastrukturalar hisoblanadi. O‘zbekiston 2016 yilga qadar o‘zini “xavfsizlik va barqarorlik”ka bag‘ishlagan davlat edi. Haqiqatda, 2016 yilga qadar O‘zbekistonda mutlaq xavfsizlik va barqarorlik o‘rnatildi. Hamma tomon tinch va osoyishta edi. Bugun O‘zbekiston rivojlanish yo‘lini tanladi, dinamik rivojlanish yo‘li...”.

EKG xonasini orzu ham qilolmasdik

Haqiqatan ham Bahrin mahallasida yangi qurilgan poliklinika ko‘rinishidan bir qavatli, oddiy bino bo‘lsa-da, qulay, zamonaviy dizaynerlar tomonidan puxta o‘ylangan loyiha asosida qurilgani ko‘rinib turibdi. Binodagi har bir detal bejiz qo‘llanilmaganini sezasiz. Go‘yo Urgut markazidan 30 kilometr uzoqlikdagi qishloqdagi poliklinika emas, poytaxtning qoq markazidagi tibbiy muassasaga kelib qolganga o‘xshaysiz. Darvoqe, ushbu binoga borguncha bo‘lgan yo‘l ham e’tiborimizni tortdi. Unda avtomashinalar bilan bir qatorda piyodalar uchun ham chiroyli yo‘lak, imkoniyati cheklangan insonlar yurishi uchun plitkalar yotqizilgan. Atrof obodligi, gulu daraxtlarning bir tekis tartib bilan ekilgani atrofga o‘zgacha fayz berib turibdi.

- 5 ta mahallada yashovchi jami 13 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatamiz, - deydi Urgut tuman 21-oilaviy poliklinika mudiri Sardor Luqmonov. – Ko‘rib turganingizday, sharoitlar butunlay o‘zgardi, ilgarigi muhit kutilganidan ham ko‘ra zamonaviy sharoitga aylandi. Nafaqat ko‘rinish, balki tarkibda ham yangiliklar bo‘ldi. Xususan, endi poliklinikada umumamaliyot shifokori, pediatr, ginekolog, rentgenolog, UTT shifokori kabi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi. Fizioterapiya xonasi bugungi eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

Poliklinikadan tuman markazigacha 30 kilometr olisda, biz xizmat ko‘rsatayotgan qishloq aholisi uchun esa 60 kilometr uzoqlikda bo‘lgan tibbiyot muassasamizda EKG xonasi bo‘lishini hatto orzu ham qilmasdik. Hozir mazkur xonada aholi yuragini nazoratdan o‘tkazib ketyapti.
Laboratoriya xonasida 30 xilgacha bo‘lgan tahlillar olinadi. Yaxshi bilasiz, ilgari qishloq hududidagi poliklinikaning laboratoriya tahlillarini birorta tuman, viloyat darajasidagi shifoxo­nalar tan olmasdi, boshqatdan topshirishga to‘g‘ri kelardi. Endilikda ushbu laboratoriya tahlillari respublika miqyosidagi shifoxonalar tomonidan inobatga olinadi.

- Ilgari dori-darmon qo‘yishga ham joyimiz yo‘q edi, - deydi poliklinika bosh hamshirasi Ra’no Po‘latova. – Mana, ko‘rib turganingizday, dori vositalari uchun zamonaviy jihozlar bor, dori ta’minoti esa 80 foizga yetkazildi. Aholi ayollar va erkaklar uchun alohida bo‘lgan 10 o‘rinli kunduzgi statsionar xizmatidan bepul foydalanmoqda. 69 turdagi dori vositalari aholiga bepul berilmoqda.

Markazdan 60 kilometr uzoqlikda

Poliklinika bilan deyarli bir binoda yondosh qurilgan mo‘’jaz tug‘ruq bo‘limida hatto operatsiya xonalari ham mavjud. Bu yerda yilning hozirgi davriga qadar 246 ta tug‘ruq qabul qilingan.
- 25 o‘rindan iborat tug‘ruq bo‘limida uch nafar shifokor, olti nafar doya faoliyat yuritadi, - deydi Urgut tumanlararo perinatal markazi filiali mudiri Obidjon Xo‘jmatov. – 16 ta mahalla, qariyb 77 ming aholiga xizmat ko‘rsatamiz, ya’ni ushbu bo‘limga tuman markazidan 45-60 kilometr uzoqlikdagi qishloq ayollari murojaat etadi. Bunday imkoniyat onalarning o‘z vaqtida tug‘ruq bo‘limlariga kelishlarini ta’minlaydi. To‘g‘risi, ilgarigi sharoit haqida gapirishdan uyalamiz. Bunday zamonaviy bino, chaqaloqlar uchun kuvizlar, kislorod moslamalari, operatsiya xonasi – bularni orzu ham qila olmasdik.

Tug‘ruq bo‘limidagi jihozlar haqida gapirib berar ekan, shifokorlar ba’zilarini nomlari ustida ham tortishib qolganiga guvoh bo‘ldik. Demak, bo‘lim shifokorlarining zamonaviy maskanlarga mos tarzda malaka oshirishiga imkon berilishi ham kerak.

- Birinchi farzandimni Samarqand shahridagi tug‘ruqxonada dunyoga keltirgandim, - deydi Kenagas mahallasida yashov­chi Farangiz Nurmonova. - To‘g‘risi, yo‘l uzoqligi tufayli bir necha kun avval borishimizga to‘g‘ri keldi, qolaversa, boshqa hududdan borganimiz uchun dori-darmonlarni ham o‘zimiz sotib oldik, hatto o‘rin uchun ham pul to‘lagandik. O‘zimizning tug‘ruq bo‘limimiz yangilanganini ko‘rib, hech ikkilanmay shu yerga keldik. Hatto shaharda yo‘q sharoitlarga guvoh bo‘ldik, eng muhimi bepul. O‘zim ham, chaqalog‘im ham sog‘lommiz.

Shuningdek, majmua hududida tez tibbiy yordam xizmati ham yo‘lga qo‘yilgani shu atrofdagi o‘nlab mahalla ahli salomatligini asrash, ularning turmush sifatini oshirish yo‘lidagi katta qadamlarning biridir.

Gulruh Mo‘minova.