Sherdor madrasasi bezaklarida inson axloqi ulug‘langan

Samarqand shahri asrlar davomida Markaziy Osiyoning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik markazi bo‘lib kelgan. Bu yerda qad rostlagan tarixiy obidalar nafaqat estetik go‘zalligi, balki chuqur ma’naviy mazmuni bilan ham ajralib turadi. Rasmda aks etgan me’moriy tasvir ana shunday yuksak san’at namunalaridan biri.
 
Bu Samarqanddagi mashhur tarixiy hudud - Registon maydoni majmuasiga kiruvchi Sherdor madrasasi binosining bezak qismlaridan biri. Madrasa XVII asrda qurilgan bo‘lib, o‘zining boy naqshlari, rang-barang koshinlari va murakkab geometrik bezaklari bilan ajralib turadi.
 
Rasmda ko‘rganingiz, matnlar arab yozuvida bitilgan bo‘lib, Qur’on oyatidir. Unda insonning axloqi ulug‘lanadi. Madrasaning nafaqat ilm maskani, balki ma’naviy tarbiya markazi bo‘lganini ko‘rsatadi. Maskanda o‘z davrida bilim olish bilan birga, insoniy fazilatlar - odob, axloq va ruhiy poklik o‘rgatilgan.
 
Me’moriy jihatdan rasmda g‘isht va koshin uyg‘unligi alohida e’tiborni tortadi. Ko‘k va oq ranglar ustunligi osmon va poklik timsoli sifatida talqin qilinadi. Geometrik naqshlar islom san’atining muhim belgilaridan bo‘lib, cheksizlik va tartib g‘oyasini ifodalaydi.
Rasmda ifodalangan tor kirish qismi binoning vazifasi nuqtai nazaridan tuzilishi haqida darak beradi. Bu kabi kichik xonalar turli maqsadlarda - ibodat, tafakkur yoki xizmat xonalari sifatida ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa madrasaning murakkab va ko‘p qirrali tuzilishga ega ekanini ko‘rsatadi.
 
Xulosa o‘rnida aytganda, rasm oddiy me’moriy yodgorlik emas, balki tarix, san’at va ma’naviyatning uyg‘unlashgan ifodasi. Samarqand obidalari orqali ajdodlarimizning nafaqat qurilishdagi mahorati, balki dunyoqarashi va qadriyatlarini anglashimiz mumkin.

Bunyod YaLG‘OShEV,
Registon ansambli gid-ekskursavodi.