Davlat tibbiy sug‘urtasi aholi uchun qanday qulaylik yaratadi? Tibbiyot muassasalariga-chi?
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida tibbiyot muassasalarida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan viloyatimizda ham viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalari yangi tizimga o‘tdi. Tuman, shahar tibbiyot muassasalarida esa shu yilning 1 iyulidan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
– Bugungi kunda ko‘plab davlatlarda qo‘llanilayotgan mazkur tizim yurtimizda dastlab Sirdaryo viloyatida sinab ko‘rildi va 2024 yilda ushbu viloyat va Toshkent shahrida joriy etilib, o‘zini oqladi, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi viloyat hududiy bosh mutaxassisi Davron Razzoqov. – Yangi tizimning bemorlar uchun afzalligi shundaki, tibbiy yordam sifati va qulayligi oshadi, tibbiy yordam hajmining davlat tomonidan kafolatlanishi va shaffofligi ta’minlanadi, tibbiy xizmatlar uchun norasmiy to‘lovlar darajasi pasayadi, sog‘liqni saqlash tizimining aholi ehtiyojlarini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlashga qaratilganligi ortadi, salomatlikni yaxshilash, umr ko‘rish davomiyligini oshirishga turtki beradi. Tibbiyot muassasalari va xodimlar uchun qulayligi esa bunda ish samaradorligiga qarab, barqaror moliyalashtirish joriy etiladi va bu tibbiy xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantiradi, yangi korporativ boshqaruv usullarini joriy etish rag‘batlantiriladi, moliyaviy erkinlik va manfaatdorlik paydo bo‘ladi.
Yangi tizimning davlat va jamiyat uchun ahamiyati shundaki, aholining barcha qatlamlarini tibbiy yordam bilan qamrab olish imkoniyati paydo bo‘ladi, davlat va fuqarolarning umumiy javobgarligi shakllanadi, sog‘liqni saqlash tizimining moliyaviy barqarorligi ta’minlanadi, sog‘liqni saqlash xarajatlarini va samaradorligini maqbullashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi, sohada shaffoflik ortadi.
Sug‘urta uchun aholidan pul undirilmaydi
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat byudjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi qarorida qayd etilganidek, voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari ham davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari, ya’ni kafolatlangan paketga kiritilgan bepul tibbiy xizmatdan foydalanishi mumkin. Faqat buning uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi. Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifoxonalarga elektron yo‘llanma beradi hamda bemor mazkur yo‘llanma asosida tor soha shifokori tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi va (yoki) shifoxonaga yotqiziladi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda tibbiy xizmatlar pulli asosda ko‘rsatiladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab esa so‘nggi bir yil davomida kamida olti oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar, shuningdek, belgilangan toifadagi shaxslar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.
Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga eslatib o‘tishimiz lozim, kafolatlangan paket barcha hududlar uchun bir xil bo‘ladi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi. Hozirgi kunda vazirlik tomonidan 2023 yil 13 oktyabrda tasdiqlangan kafolatlangan paket qo‘llanilmoqda.
Avval oilaviy shifokorga murojaat qilish lozim
– Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qaroridan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelishgan holda respublikamizning 5 ta viloyatida, jumladan, Samarqandda viloyat darajasidagi 20 ta tibbiyot muassasasi 2025 yil 1 yanvardan tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tdi, – deya so‘zida davom etadi D.Razzoqov. – Ularni moliyalashtirish endilikda jamg‘arma orqali amalga oshiriladi. Sirdaryo viloyati va Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqib, hozirda bu shifoxonalarda yangi tizim asosida faoliyat yo‘lga qo‘yilmoqda. Albatta, yangilikni joriy etish oson kechmaydi, aholi va xodimlar o‘rtasida ham tushuntirish ishlarini olib borish, yangi tizim mohiyatini ochib berish kerak. Va ayni paytda bu borada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan birgalikda ish olib boryapmiz, xorijiy tajriba o‘rganilmoqda. Yaqinda turkiyalik mutaxassislar bilan tajriba almashdik.
Yangi tizimda davolanish uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilayotgan fuqaro kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanishi uchun avval oilaviy shifokorga murojaat qilish talabi mavjud. Bu haqda aholiga ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar yetkazdik, poliklinikalarda ham xalqimizga bu tartib targ‘ib etilmoqda. Bugungi kunda viloyatimizda 70 ta oilaviy poliklinika, 158 ta oilaviy shifokorlik punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu muassasalarda tasdiqlangan shtat me’yorlariga asosan oilaviy shifokorlar mavjud. Agar yurtdoshlarimiz doimiy ravishda ana shu shifokorlar bilan muloqotda bo‘lsalar, salomatliklaridagi har bir o‘zgarish yuzasidan ularga murojaat qilib borsalar, birinchi navbatda, o‘z sog‘liklari uchun, qolaversa, zarurat yuzaga kelganda shifoxonalarda statsionar yotib davolanishlari uchun bepul tibbiy paketdan foydalanishlarida qulay bo‘lar edi.
Kezi kelganda shuni ham aytib o‘tish kerakki, kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun avval oilaviy shifokorga murojaat qilish talabi rejali ravishda tekshirish va davolanish uchun yuboriladigan bemorlar uchun amal qiladi. Bemorlar hayotiga xavf soladigan shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam olishni talab qiluvchi holatlar bundan mustasno. Bu fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonunda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrdagi qarorida ham aniq belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 26 fevraldagi PF-3214 sonli farmoni bilan tasdiqlangan imtiyozli toifadagi shaxslarga ham davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi saqlab qolinadi.
G‘olib Hasanov.