Autsorsing - tartibga olinmaydigan tizimmi? Yoxud bog‘chalarda bolalar nega zaharlanyapti?

Keyingi vaqtlarda bog‘cha bolalarining ovqatdan zaharlanishi, autsorserlar bog‘chalarga iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari olib kelayotgani kabi xabarlar ko‘paydi. Bunday noxush voqealar Samarqand shahrida ham bo‘lib o‘tdi, ya’ni tadbirkor tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga muzlatilgan, yaroqsiz go‘sht mahsulotlari berib ketildi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘ldi. 

Xo‘sh, bundan keyin nima bo‘ldi? Aybdorga chora ko‘rildimi? Autsorserlarga vazifasi tushuntirildimi, bu haqda soha xodimlari tomonidan seminar-trening o‘tkazildimi? 

Samarqand shahrida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mas’ullarining maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. 

Davra suhbatida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Iroda Aripova maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qanday oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish kerakligini tushuntirdi.

- Avvalo, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oziq-ovqat mahsulotlari ertalab soat oltidan sakkizgacha yetkazib berilishi kerak, - dedi I.Aripova. – Tadbirkorlar istagan vaqtda oziq-ovqat mahsulotlarini bog‘chalarga olib boryapti, ba’zilari kechki payt qorovulga berib ketyapti. Oziq-ovqat mahsulotlarining vaqtida yetkazilmasligi ham uning sifatini buzilishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, yetkazib berilayotgan mahsulotlar ichida karam, lavlagi, smetana kabi mahsulotlar yo‘q. Sut mahsulotining sifatini belgilovchi sertifikat mavjud emas. Aslida, bog‘chalarga maxsus qadoqlangan idishlarda sut mahsuloti yetkazib berilishi kerak. Go‘sht mahsulotining muzlatilgani sotib olinganda, boshqa muzlatilmaslik sharti bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tarqatilishi lozim. 

Bundan tashqari, tadbirda bog‘cha taomnomasi qanday bo‘lishi, oshpazlar maxsus ish kiyimida bo‘lishi hamda ular har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shartligi aytildi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov bog‘cha bolalarining ovqatdan zaharlanish holati ko‘payotgani, shu sababdan ushbu yig‘ilish tashkil etilganini aytdi. Boshqarma boshlig‘i autsorserlardan bog‘cha oshxonalariga qanday shart-sharoit yaratib berganini so‘radi. Yaqinda viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini o‘rganganida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining oshxonasida muzlatkich yo‘q ekaniga guvoh bo‘lishganiga to‘xtaldi. 

M. Hamdamov tenderda g‘olib bo‘lgan va faoliyat ko‘rsatayotgan autsorserdan bog‘chaga muzlatkich olib berdingizmi, deb so‘radi. Tadbirkor tez kunlarda bog‘chaga muzlatkich olib berishini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chalarga sifatsiz go‘sht berilgani haqida yozgan Xayrulla Mamasoliyev Samarqand shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori bilan autsorser o‘rtasidagi telefon so‘zlashuv kimniki ekanini so‘radi. Samarqand shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oziq-ovqat yetkazib beruvchi tadbirkor "Bu xodimni ishdan bo‘shatdik", deb aytdi. Ammo X. Mamasoliyev bu javobdan qoniqmadi va unda bu haqda boshqa dalillar borligini bildirdi.

Shu bilan biz kutgan masala haqida gap bo‘lmadi. Aslida biz yig‘ilish Samarqand shahri bog‘chalarida shov-shuvga sabab bo‘lgan iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari tarqatilganligi ortidan tashkil qilingan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik. Ammo bu masala ochiqligicha qoldi. Faqat sanitariya-epidemiologiya xodimlari o‘sha go‘sht mahsulotini tekshirganda bir haftadan keyin iste’molga yaroqsiz ekanini aniqlashganini aytishdi. 

Shundan so‘ng tadbirkorlar kamchiliklarimizni to‘g‘irlashimiz uchun sanitariya-epidemiologiya xodimlari bilan hamkorlikda ishlashimiz kerak ekan, degan taklifni aytishdi. 

Shuningdek, davra suhbatida bog‘cha oshpazlarini o‘qitish, ularning malakasini oshirish, autsorserlar va sanitariya-epidemiologiya xodimlari hamkorligini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Ammo masalaning yana bir nozik tomoni bor. Sanitariya-epidemiologiya bo‘limlari xodimlari istalgan vaqtda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tekshira olmaydi. Ular bir yilda bir marta ombudsman ruxsati bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlari oshxonasini tekshirish huquqiga ega. Shunday ekan, bog‘cha oshxonalari bilan bog‘liq muammolar hali beri yechimini topmaydi, degan xavotirimiz bor.

Xurshida ERNAZAROVA.