Xo‘ja Ismoilmi yoki Imom Al-Buxoriy?

Payariq tumanidagi dunyo tan olgan muhaddis Muhammad Abdulla ibn Ismoil al-Buxoriy abadiy qo‘nim topgan Xartang qishlog‘ida alloma sha’niga katta majmua bunyod bo‘lyapti.
Ushbu tarixiy ishni Vatanimizning o‘zining ulug‘ farzandlarini qadrlash yo‘lida qilayotgan fidoyilik faoliyati, deb bilamiz.
Xabarlarga ko‘ra, mazkur majmua yaqin muddatlarda foydalanishga topshiriladi va chet ellik mehmonlar hamda ichki sayyoh-ziyoratchilarni qabul qila boshlaydi.
Shu o‘rinda bir xolis fikr bildirmoqchiman. O‘tmishda hali alloma Imom al-Buxoriy hayoti va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish imkoniyati bo‘lmagan davrda buyuk muhaddis dafn etilgan bu joy hamma tomonidan «Xo‘ja Ismoil», deb atab kelinib, binolari mineral o‘g‘itlar saqlanadigan omborga aylantirilgan edi.
Balki shu bois mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida mahallalar fuqarolar yig‘inlari tashkil etilgan paytlari anglashilmovchilik natijasida bu hududga «Xo‘ja Ismoil» mahalla fuqarolar yig‘ini», degan nom berilib qolgan. Aslida Ismoil buyuk muhaddisning otasi hisoblanadi.
Imom al-Buxoriy majmuasi ochilishi munosabati bilan mahalla fuqarolar yig‘ini nomi ham uning sharafiga qayta nomlansa, hududning nomi, ismi–jismiga mos bo‘lar edi.
Yo‘ldosh Suyunov.