Toshkentdan Samarqandga 2,5 soatda: yangi avtomagistral qurilishi boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti uch barobar o‘sganini, 2030 yilga qadar uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta maqsad belgilanganini ta’kidladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘l o‘tadi. Ayni paytda xalqaro yo‘llarning 30 foizi to‘liq quvvatda, yana 25 foizi esa ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.
Qayd etilganidek, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» hamda Transafg‘on temir yo‘llari ishga tushgach, O‘zbekiston Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanadi. Shuningdek, Pokiston portlari orqali Hind okeani va qariyb 2 milliard aholi istiqomat qiladigan Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyati yaratiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yillik qo‘shimcha 15–20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qilishi mumkin. Bu esa 400–600 million dollar daromad keltirib, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish, kamida 50 mingta doimiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam deb atadi.
So‘nggi o‘n yilda 78 trillion so‘m mablag‘ hisobidan jami 128 ming kilometr avtomobil yo‘lida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani qayd etildi. Davlatimiz rahbari bugun mazkur sohada tom ma’nodagi yangi davr boshlanayotganini ta’kidladi.
Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel turidagi o‘tish joyi barpo etiladi.
Yo‘lga og‘ir yuk mashinalari va yuqori tezlikda harakatlanuvchi transport vositalariga chidamli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda transport vositalari soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Zamonaviy xavfsizlik tizimlari va raqamli yechimlar yo‘l-transport hodisalarini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Yangi avtomagistral foydalanishga topshirilgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Yo‘l bir sutkada 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, yuk tashish tannarxi esa 20–24 foizga arzonlashishi kutilmoqda.