Nega aksariyat piyodalar yo‘lagida piyodaga joy qolmayapti?
Ko‘pni ko‘rgan odam taqqoslaydi, taqqoslagan inson esa xulosa chiqaradi. Men ham xorijda tahsil olgan yillarimda ko‘rgan bir manzarani bugun yurtimizdagi holat bilan taqqoslab, o‘yga toldim.
Belarusning Novopolotsk shahrida o‘qigan kezlarimda dugonamiz - turkman qiz bizga shaharni aylantirib, uning tartib-qoidalari bilan tanishtirgan edi. Istirohat bog‘idan chiqib piyoda sayr qilayotganimizda u: «Tezroq piyodalar yo‘lagiga o‘tinglar, aks holda jarima solinishi mumkin», dedi. Bu gap biz uchun hayratli eshitildi. Piyodalar yo‘lagiga o‘tgach, yana bir jihat e’tiborimizni tortdi.

Piyodalar va velosipedlar uchun alohida yo‘laklar ajratilgan, har kim faqat o‘z yo‘lagidan harakatlanar edi. Eng qizig‘i, atrofda birorta ham velosiped bo‘lmasa-da, hech kim velosiped yo‘lagiga chiqmasdi. Novopolotskdagi piyodalar yo‘laklari keng, ozoda va erkin harakatlanish uchun juda qulay. Yo‘laklarda ortiqcha to‘siqlar, tartibsiz savdo nuqtalari yoki avtomobillar ko‘rinmaydi. Piyodalar bemalol sayr qiladi, yosh bolali onalar aravachada erkin harakatlanadi, keksalar esa xavotirsiz yuradi. Qonunga hurmat va harakat madaniyati odamlarning kundalik odatiga aylangan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, biz ham bu tartibga o‘rgandik. Hatto dugonalarimiz bilan yurganimizda kimdir bilmasdan velosiped yo‘lagiga chiqib ketsa, darhol bir-birimizni ogohlantirardik. Chunki shahar madaniyati aynan shunday oddiy qoidalardan boshlanadi.

Yurtimizga qaytib, ko‘chalarda piyoda yura boshlaganimda esa boshqa manzaraga guvoh bo‘ldim. Bugun ayrim shaharlarimizda piyodalar yo‘lagi faqat piyodalar uchun emas. U yerda nimani istasangiz, shuni uchratishingiz mumkin. Ko‘chalarida piyodalar yo‘laklari turli sabablarga ko‘ra o‘z vazifasini yo‘qotib borayotgandek: avtomobillar to‘xtab turgan joyga aylangan, ko‘chma savdo do‘konlari joylashgan, muzqaymoq, salqin ichimlik, qahva va tez tayyorlanadigan taomlar sotilmoqda. Ayrim joylarda stol-stullar qo‘yilib, yo‘lakning o‘zi kichik oshxonaga aylantirilgan.
Bu ham yetmagandek, elektr samokatlar va yetkazib berish xizmatida foydalanilayotgan mototsikllar ham piyodalar yo‘lagida harakatlanmoqda. Ayniqsa, samokatlar katta tezlikda keladi. Piyoda esa orqasidan kim kelayotganini bilmay, har qadamda hushyor yurishga majbur. Yosh bolali onalar, keksalar va nogironligi bor insonlar uchun esa bu yanada katta noqulaylik tug‘diradi.
Natijada piyodalar yo‘lagida piyodadan tashqari barcha harakat ishtirokchilarini uchratish mumkin: velosipedchilar, samokat minuvchilar, mototsikllar, ko‘chma savdo nuqtalari, avtomobillar... Bunday sharoitda hatto piyodalar yo‘lagida ham tirbandlik yuzaga kelishi hech gap emas va xavfli vaziyatni keltirib chiqaradi.
Albatta, shaharlarimizda obodonlashtirish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Yangi yo‘llar, xiyobonlar va sayilgohlar barpo etilyapti. Endi ulardan foydalanish madaniyatini ham zamon talablari asosida takomillashtirish vaqti kelmadimikan?
Menimcha, piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun bir qator amaliy choralarni ko‘rish lozim. Velosipedlar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish, elektr samokat va mototsikllar harakatini tartibga solish, piyodalar yo‘lagiga avtomobillarni qo‘yishga yo‘l qo‘ymaslik, ko‘chma savdo nuqtalarini maxsus belgilangan hududlarga joylashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri. Avvalo, piyodalar yo‘lagi haqiqatan ham piyodalar uchun qolishi lozim. Velosipedlar uchun alohida yo‘lak, elektr samokat va mototsikllar uchun esa xavfsiz harakatlanish imkonini beruvchi maxsus yo‘nalishlar tashkil etilsa, harakat ancha tartibli bo‘lar edi. Shuningdek, avtomobillar to‘xtashi va ko‘chma savdo ob’yektlari uchun ham alohida joylar belgilanishi maqsadga muvofiq.
Piyodalar yo‘lagi shunchaki beton yoki asfalt yo‘lak emas. U inson xavfsizligi, shahar madaniyati va tartib-intizomning ko‘zgusidir. Shahar madaniyatini baland binolar yoki keng ko‘chalar emas, balki insonga bo‘lgan e’tibor belgilaydi. Piyoda o‘zini xavfsiz his qilgan joydagina haqiqiy qulay va zamonaviy shahar muhiti shakllanadi. Piyodalar yo‘lagi, avvalo, piyodalarniki bo‘lishi kerak.
Munisa Shamsiyeva.