Yo‘laklar kimniki? Nega uni hovliga qo‘shib olishyapti
Shahar ko‘chalaridan biridagi quyidagi voqea ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lgandi. Mashina tormozining chiyillashi barchaning e’tiborini tortdi. Maktab o‘quvchisini turtib yuborgan mashina atrofida birpasda odamlar to‘plandi. Haydovchi peshonasidan oqayotgan qoni asfaltni qizartirayotgan bolaga qarab, “Men o‘z yo‘limda kelayotuvdim, birdan o‘zi yo‘limga chiqib qoldi, bolani urganim yo‘q, yetmasdan tormozladim” derdi.
Birpasda to‘plangan tumonat odamlar orasidan bolani kasalxonaga olib ketishdi. Voqea joyida to‘planib qolganlar o‘rtasida muhokama boshlanib ketdi. Kimdir haydovchini tez kelganlikda ayblasa, boshqa birov bolani tushlik payti maktabda ko‘p qolib ketib holsizlanganligidan katta yo‘lga chiqib ketganligini aytishardi. Lekin hech kim bu bola nega yo‘lakda emas mashinalar uchun mo‘ljallangan katta yo‘lda yuribdi, deb qiziqmadi. Chunki kimningdir do‘koniga yoki boshqa binosiga qo‘shib olinib, atrofi to‘siqlar bilan o‘ralganligi uchun yo‘lovchilar yo‘lagi «yo‘qolib qolgan».
Aslini olganda bu holatda haydovchini ham yo‘lovchini ham ayblab bo‘lmaydi. Haydovchi o‘z yo‘lidan, piyoda esa majburligidan asosiy yo‘ldan yurgan.
Shunga o‘xshash yo‘laksiz yo‘llar va yoki qaysidir fuqaroning shaxsiy ehtiyoji uchun kavlab tashlangan ko‘chalar shaharning qaysi qismida yo‘q deysiz? Shahardagi qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan xonadonlar oldida yo‘l va yo‘laklarni to‘sib qo‘ygan qurilish xom ashyolarini ko‘ramiz. Har kim o‘zi xohlagan joyga istagan qurilish mollarini tushirgan, yo‘l to‘silgani bilan esa ularning sariq chaqalik ishi yo‘q. Bular bir necha oylab joyida qolib ketsa hamki, birov kelib bir so‘z aytmaydi. Bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, ba’zi hollarda yo‘llar egasiz qolayotgandek.
Tumanlardagi ahvol ham bundan mustasno emas. Bir paytlar mashinalar va piyodalar uchun alohida bo‘lgan yo‘laklardan bugun asar ham qolmagan. Davlat me’yorlari bo‘yicha ikki tarafidan 1,5-2 metrgacha yo‘laklar ajratilgan yo‘llar bugun ikkita mashina birday kelsa, bittasi to‘xtab turadigan darajaga kelib qolgan. O‘n metr kenglikdagi yo‘llarning bunday holga kelib qolishiga sabab, yo‘lga bo‘lgan e’tiborsizlik emasmi?
Shu mavzuda maqola yozishni o‘ylab yurgan kunlarimda Toshkent shahrida bo‘ladigan tadbirga borishimga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, viloyatdan borgan haydovchi begona shaharni yaxshi bilmaydi, shuning uchun mashinani katta yo‘lga xalaqit qilmaydigan qilib yo‘lovchilar yo‘lagiga qo‘ydi. Tadbir boshlanguncha barchamiz to‘planib turganimizda bir otaxon kelib “Bu yer piyodalar yo‘lagi, mashinani qo‘yish uchun maxsus avtoto‘xtash joyi qilingan. Mashinalaringni o‘sha joyga qo‘yinglar, keyin yo‘lakni iflos qilmanglar, bu yo‘l jamoaniki”, deya tanbeh berdi. Otaxonning gaplaridan iymanib, mashinani maxsus avtoturargohga qo‘yib keldik. Shahrimizda yo‘l va yo‘laklar e’tiborsiz qoldirilayotgan bir paytda bizni biroz uyaltirgan bo‘lsa-da, poytaxtdagilarning jamoat mulkiga nisbatan o‘zinikidek munosabatda bo‘lishi havasimizni keltirdi.
Bu mavzuni bejizga qalamga olmadik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari shovqin-suron va mashinalarning chiqarayotgan tutundan xoli bo‘lgan piyodalar yo‘laklari, hattoki, velosipedlar uchun maxsus yo‘laklar qurishyapti. Bu ishlar birinchidan, ekologiyaga zarar yetkazmaydigan transport turini ko‘paytirish uchun bo‘lsa, ikkinchidan, insonlarni kasalliklarga chalinish va turli ko‘ngilsizliklardan asrash uchundir. Kelajakda mashinalar soni tobora ortishini hisobga olsak, yo‘llarni kengaytirishimiz uchun yuqoridagi kabi ko‘ngilsizliklar bo‘lishi kerakmi yoki bir necha yildan so‘ng uylarni buzib yo‘laklar ochamizmi?
O‘ktam Xudoyberdiyev.