Behbudiy 150 yilligi: Anjuman ishtirokchilari Urgutdagi ma’rifat maskani — Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasida bo‘ldi
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ishtirokchilari bugun kunning yarmida Urgut tumanining Dehqonobod mahallasida Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli adib va shoir Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasida bo‘lishdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, A.Ko‘chimov ushbu kutubxonaga o‘z shaxsiy kutubxonasidagi 10 mingdan ortiq kitoblardan boshqalar ham bahramand bo‘lishini istab, bu ezgu ishni boshlagan. Xayrli niyatni qo‘llab-quvvatlovchilar va ushbu maqsadga hissa qo‘shishni istovchilar ko‘paygach, bu ziyo maskanida yana shuncha miqdorda kitob to‘plandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mazkur ziyo maskanini ham o‘z tarmog‘iga qo‘shib, urgutlik kitobxonlarning mamlakatimiz bosh kutubxonasi fondidagi asarlardan bahramand bo‘lishlariga imkoniyat yaratdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati esa kutubxonani zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlab, Navoiy davlat konchilik va texnologiya universiteti kutubxonasi bilan onlayn bog‘lagan.
Anjuman qatnashchilari - O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi a’zolari, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Navoiy viloyati jurnalist va blogerlari ushbu kutubxonada bo‘lib, bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ishtirokchilarning barchasi kutubxonaga 300 dan ziyod kitoblar sovg‘a qildi.