Baxshitepada “Behbudiy bog‘i” yaratildi

Toyloq tumanida atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog, jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Viloyat va Toyloq tumani hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlar Behbudiy tavallud topgan hudud — Baxshitepa mahallasida barpo etilgan “Behbudiy bog‘i”ning ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va yozuvchi, “Behbudiy” dramasi muallifi Farmon Toshev, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, jadidshunos olim Halim Saidov, Mahmudxo‘ja Behbudiyning chevarasi Shohruh Behbudiy hamda boshqalar ulug‘ ma’rifatparvarning hayoti va serqirra ijodi, milliy uyg‘onish yo‘lidagi fidokorona faoliyati, uning boy ilmiy-adabiy merosining bugungi avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.

— Bugun Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan qishloqda uning xotirasiga bag‘ishlab bog‘ yaratilgani meni shu tuman farzandi sifatida, qolaversa jadidshunos olim sifatida juda xursand qildi, — deydi Halim Saidov. — Bu maskanda, ya’ni bog‘ hududida Behbudiyning byusti o‘rnatilgani, kutubxona, ma’rifat maskani va uy-muzey tashkil etilgani yoshlarimiz uchun bilim, ma’rifat va vatanparvarlik ruhini shakllantirishda muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Mazkur maskan shu mahallada yashovchi, Mahmudxo‘ja Behbudiy avlodidan bo‘lgan ma’rifatparvar tadbirkor Raufxon Xodiyev homiyligida bunyod etildi. Ayniqsa, e’tiborli jihati shundaki, u bir necha yillardan beri mahalla hududida joylashgan 15-maktabda Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va boy ijodiy merosiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etib kelmoqda.

Shuningdek, Raufxon Xodiyev tashabbusi bilan maktabda bilim va iqtidori bilan ajralib turgan 15 nafar a’lochi o‘quvchi uchun “Behbudiy” nomli maxsus stipendiya joriy etilgan. Bu tashabbus esa yoshlarni ilm-fanga, ma’rifat va yuksak maqsadlar sari intilishga ruhlantirmoqda.

Shuningdek, tumanning Shopo‘lat mahallasidagi madaniyat markazida “Behbudiy hayot maktabi — yoshlarga ibrat” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjuman avvalida tuman hokimi Bekzod Rahmatullayev Behbudiy hayoti va u qoldirgan boy ma’naviy merosining ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Konferensiyada jadidshunos olim Halim Saidov ma’ruza qilib, ma’rifatparvar bobolarimiz qoldirgan ma’naviy merosni chuqur o‘rganish va uni yoshlar ongiga singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Tadbirlar doirasida ushbu madaniyat uyida viloyat musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi tomonidan “Behbudiy” dramasi tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Asarda ulug‘ ma’rifatparvarning murakkab taqdiri, xalq taqdiri uchun kurashi va fidoyiligi yorqin badiiy obrazlar orqali ifodalandi.

Shuningdek, tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolajonlar va maktab o‘quvchilaridan tashkil topgan “Turon” havaskor yoshlar teatri tomonidan sahnalashtirilgan tomoshalar ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bu tadbirlar ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, ularning ma’naviy merosini asrab-avaylash va yosh avlodni milliy g‘oyalar, ma’rifat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Baxshitepada yaratilgan “Behbudiy bog‘i” esa kelgusida ham ilm-ma’rifat va ma’naviyat maskani sifatida xalqimizga xizmat qilishi shubhasiz.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).