Samarqandda hayotiy rasmlari bilan mashhur bo‘lgan nemis rassomining asarlari namoyish etildi
“Rasmlarni chizishda tabiat haqida ko‘p o‘ylash shart emas... Asosiysi, mening ichki hissiyotlarim”.
Bu so‘zlar o‘z davrining mashhur nemis rassomlaridan biri Paula Moderzon-Bekkerga tegishli bo‘lib, uning asarlari ranglarning g‘alayonlari bilan emas, balki soddaligi va shakllari bilan ajralib turadi.
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” san’at galereyasida mashhur nemis rassomi Paula Moderzon-Bekkerning hamda XIX asr oxirlarida Germaniyaning shimolida tashkil etilgan taniqli Vorpsvede rassomlar kommunasining ijodiy merosi namoyish etildi.

Xalqaro madaniy aloqalar instituti (IFA), O‘zbekiston Gyote instituti, shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilgan ko‘rgazmada 80 dan ortiq chizmalar, eskizlar, gravyuralar, fotosuratlar hamda tasviriy san’atni adabiy matnlar bilan uyg‘unlashtirgan 11 ta to‘plam va monografiyaning rasmli nashrlari ekspozitsiyaga chiqarilgan.
Takrorlanmas ijodi bilan ajralib turadigan Paula Moderzon-Bekker (1876-1907) asarlari ekspozitsiyada alohida o‘rin egallaydi. U Yevropa san’atida ayol nigohi orqali o‘z yo‘nalishini topgan ilk rassomlardan biridir. Qisqa umri davomida 750 ga yaqin rangtasvir va mingdan ortiq chizmalar yaratgan. Asarlarida Vorpsvedening tabiati va aholisi bilan bog‘liqlik bor. Ayniqsa, u ayollar va bolalar portretlarida obrazlarining ichki kuchi, qadr-qimmati va his-tuyg‘ularining teranligini iliqlik va nafislik bilan tasvirlagan.

- Ko‘rgazma Hamme daryosi vodiysining botqoq orollari, qishloq manzaralari va mahalliy aholining obrazlari orqali Vorpsvede hayotining poetik ifodasini yaratadi, - deydi O‘zbekistondagi Gyote instituti direktori Barbara Anna Bernsmeiyer. - Tabiat bu hududda inson hayoti va san’atiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan faol muhit sifatida aks etgan. Parijdagi safarlari va zamonaviy san’at yo‘nalishlari bilan tanishuvi uning o‘ziga xos badiiy ifoda vositalarini shakllantirishiga xizmat qilgan. U yaratgan obrazlardagi samimiylik, individuallik va jasoratli uslub bugungi kunda ham tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Ipak yo‘li” san’at galereyasi direktori Durdona Kulmatovaning ta’kidlashicha, germaniyalik rassom asarlari besh oy ko‘rgazmada namoyish etilgan va uch mingga yaqin tomoshabin asarlarni ko‘rish uchun kelgan.

- San’at muxlislari va ijodkorlar Paula Moderzon-Bekkerning asarlarini yuqori baholadi va Germaniyadan olib kelingan XIX-XX asrlarga oid nodir asarlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi, - deydi D.Kulmatova. – Ushbu san’at asarlari jamiyatda ayollarning tutgan o‘rni va ularning ijodga bo‘lgan qiziqishni oshirish, modernizmning asosiy tamoyillari haqida mulohaza qilishga undaydi. Shu bilan birga, xalqlarning madaniy merosini birlashtirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash va san’atning o‘ziga xos jihatlarini ommaga yetkazishga xizmat qiladi.
Bugun ko‘rgazma yakunida germaniyalik rassomlar asarlari haqida san’at ixlosmandlariga batafsil ma’lumotlar berildi.