«Aqlli uy», ko‘z nuri bilan ishlovchi eshik qulflari, ovoz bilan boshqariladigan darvozalar
Jomboy tumanidagi SOF EXPO xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida qurilish sohasidagi yirik - “Build Pro Expo-2024” ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Ko‘rgazmada 60 ga yaqin mahalliy va xorijiy korxonalar qurilish, dizayn va arxitektura sohasidagi innovatsiyalarni namoyish etmoqda.
- Uchinchi bor o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada loyiha institutlari, qurilish materiallari, bo‘yoq, mebel, sanitariya-texnik vositalar, yoritish moslamalari, plastik va alyuminiy eshik-rom texnologiyalari bo‘yicha yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilar qatnashmoqda, - deydi SOF EXPO xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi rahbari Ahmadjon Tojiboyev. - Ishlab chiqaruvchilarning dizayn bo‘yicha so‘nggi yutuqlari, yangi texnologiyalar va «aqlli uy»lari ishtirokchilarni qiziqtirmoqda.
Shuningdek, ko‘rgazmada mebel, devor qog‘ozi va bo‘yoq ishlab chiqaruvchilar ishtirokida yangi turarjoy majmualari, interer dizayni, qurilish sektorini raqamlashtirish, energiya tejamkor texnologiyalar va IT infratuzilmasini loyihalash bo‘yicha panel sessiyalari o‘tkaziladi. Muhim tomoni, ushbu ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda Rossiya, Xitoy, Turkiya ishlab chiqaruvchilari asosan bo‘yoq, elektrotexnika, «aqlli uy» qurilmalari yog‘och mahsulotlari va birinchi marta Portugaliyadan kelgan korxona keramik va g‘isht ishlab chiqaruvchilarga zavod, tizimlashtirish uskunalari o‘rnatishni taklif etmoqda. Ko‘rgazma davomida B2B formatidagi uchrashuvlar ham o‘tkaziladi.
Ko‘rgazmada «aqlli uy» va shaxsni aniqlovchi qurilmalar, xonadondagi elektr jihozlarini boshqarish, barmoq izi, ko‘z nuri bilan ishlovchi eshik qulflari, kuzatuv va qo‘riqlash kameralari, quyosh nuri bilan ishlaydigan, 180 darajada 8 tagacha tasvirni uzata oladigan yangi kameralar, ovoz bilan boshqariladigan darvozalarga qiziqish yuqori bo‘lmoqda. Shuningdek, qurilish sohasidagi yangi, chidamli va arzon mahsulotlar ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
- Ushbu ko‘rgazmada ikkinchi bor qatnashyapmiz va bu yil kompozit shifer, steklo to‘r, bazalt qoplamali plitka, ikkilamchi mahsulot o‘rnida ishlatiladigan shisha tolasi kabi o‘ndan ortiq mahsulotimizni keltirganmiz, - deydi «EVEREST» qurilish materiallari kompaniyasi menejeri Mirzo Karimov. – Ko‘proq shisha tolaga va kompozit shiferga qizish yuqori bo‘lmoqda. Ushbu shiferimiz odatiy shiferdan issiq va sovuqqa chidamli, yengilligi bilan ajralib turadi. Asosan ayvon va yengil konstruksiyali ob’yektlarga ishlatiladigan bu mahsulotimiz 20-25 yilgacha kafolatli xizmat qiladi. Mahsulotlarimizni asosan ichki bozorga yo‘naltiramiz, talabga ko‘ra eksportga ham chiqaramiz. Masalan, yil boshidan buyon Qirg‘iz Respublikasiga 300 million so‘mlik eksport qildik. Keyingi yildan boshqa qo‘shni davlatlarga ham mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish olib boryapmiz.