Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda muammolar o‘z yechimini topmoqda

Prezidentimizning joriy yil 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Elyor Tolliyev Oqdaryo tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 32 mingta tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, qo‘shimcha qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqlardan 1 milliard 896,7 million so‘mlik soliq imtiyozlaridan, Oqdaryo tumanida esa 2 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari 85 million so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.
- Bundan 6 yil avval bankdan 25 million kredit olib, bir do‘stim bilan faoliyat boshlagandim, - deydi tumandagi "OK FABRIC" xususiy korxonasi rahbari Bahodir Ergashev. - Hozirda 40 nafarga yaqin yigit-qizni ish bilan ta’minlaganman. 6 turdagi mahsulot ishlab chiqaramiz. Viloyat soliq rahbari tomonidan tadbirkorlar bilan uchrashuvning “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida o‘tkazilgan ochiq muloqotida men kabi korxona rahbarlari o‘z muammolarini to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbarga yetkazdi. Faoliyatlari davomida yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha takliflarini bildirishyapti. Shuningdek, bir qator nominatsiyalarda tadbirkorlarning e’tirof etilishi ham bizlarga shijoat bag‘ishlaydi, desam adashmayman.
Uchrashuvda tadbirkorlarning soliq hisobotlarini topshirish, barqarorlik reytingi, ortiqcha to‘lovni qaytarish, soliq qarzini undirishda yengillik berish to‘g‘risidagi murojaatlari tinglanib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.