“Yoshlar daftari”dan chiqqan yigit oyiga 2 ming dollar topyapti
Hikoya qahramoni, oqdaryolik Asadbek Aslanov bu haqda bizga so‘zlab berdi.
- Ikki marta universitetga topshirganman, yetarli ball to‘play olmadim, - deydi u. – Keyin ishlash uchun akam bilan birga chetga ketdik. Rossiyada bir yil, Turkiyada 7 oy ishladim. Musofirchilik o‘ziga yarasha qiyin ekan. Keyin qishlog‘imga qaytib kelib, uylandim. Ish topolmagach, “Yoshlar daftari”ga kiritildim. Mahalladagi yoshlar yetakchisi imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik qilishim mumkinligini aytdi. Akam anchadan beri avtomobil o‘rindiqlari uchun g‘iloflar tayyorlash sexini tashkil qilish kerakligini aytib yurardi. Akamning rejasi va yoshlar yetakchisining maslahati bilan tavakkal qilib ishga kirishdim.
Asadbek 35 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga tikuv mashinalari va yetarlicha xom ashyo sotib oldi.
Dastlab, bozordan “Lasetti” avtomashinasi o‘rindig‘ining g‘ilofini sotib oldim va uning choklarini so‘kib chiqdim, - deydi Asadbek. – Undan andoza sifatida foydalandim. Avvaliga juda ko‘p adashdim, 20 dan ziyod g‘ilofni buzib qo‘yganman. Qolaversa, xom ashyoni qimmat olib, tayyor mahsulotlarni arzon sotdim. Zarariga ishladim. Faoliyatimni to‘xtatmoqchi ham bo‘ldim. Akam sabrli bo‘lishimni aytdi. Ukam va ota-onam menga yelkadosh bo‘ldi. Harakat qildim, ortga chekinmadim. Sekin-asta foyda ko‘ra boshladik.
Shunday qilib, Asadbek “Yoshlar daftari”dan chiqarildi. U bugungi kunda o‘zi yashaydigan Pichoqchi mahallasi xotin qizlarining 8 nafarini ishli qildi.
- Bu faoliyatni boshlaganimga endigina ikki yil bo‘ldi, - deydi Asadbek. - Bozorni o‘rgandim. Kundan-kunga tajriba oshyapti. Bugungi kunda shu mehnat ortidan oyiga 2 ming dollar atrofida daromad topyapman. Qilingan foyda evaziga mahalla markazida do‘kon ochdik. Shogirdlar tayyorlayapman.
Asadbek Aslanov hozircha otasining hovlisidagi ikki xonadan sex sifatida foydalanib kelyapti. Kelgusida faoliyatini kengaytirib, yirik korxona tashkil etishni rejalashtirgan.
E’zoza Meyliyeva,
To‘lqin SIDDIQOV, Baxtiyor MUSTANOV (surat).