Rahbarlikda - tajriba, ishlab chiqarishda - natija, jamoa oldida - mas’uliyat

Kasbiy faoliyatimning deyarli barcha bosqichlari “ELXOLDING” MChJ bilan bog‘liq.

Maktabni tamomlagach, 2002 yilda Toshkent moliya institutiga o‘qishga kirdim. O‘qishni bitirib shu korxona marketing bo‘limi menejeri lavozimida ish boshladim. Oradan ikki yil o‘tib, marketing bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘ldim.
2008-2012 yillarda u korxonaning Toshkentdagi vakolatxonasida marketing bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishladim. 2015 yilda korxona direktorining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldim. 2017 yil 7 avgustdan ushbu korxonaning bosh direktori sifatida ishlab kelmoqdaman.
Rahbarlik faqat xodimlarni boshqarish emas, ishlab chiqarish jarayonlarini ham nazorat qilishi kerak. Texnik tahlil ishlarida faol ishtirok etish va belgilangan vazifalarning bajarilishini kuzatib borish zarur.

Korxonamiz bir yilda 300 to‘plam maktab laboratoriya jihozlari, 100 dona avtopritsep, 1500 dona yuk mototsikllari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalari, jumladan, seyalkalar ishlab chiqaradi.
Bu raqamlarning har biri ortida murakkab ishlab chiqarish jarayoni, konstruktorlar, muhandislar, texnologlar va ishchilarning mehnati mujassam. Shu bois rahbar uchun tayyor mahsulotni ko‘rishning o‘zi yetarli emas - uning qanday yaratilayotganini, qaysi bosqichda qiyinchiliklar yuzaga kelayotganini va sifat hamda samaradorlikni oshirish uchun nimalar qilish mumkinligini bilish muhim.

Men rahbar sifatida natijani o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga, texnik masalalarni chuqur o‘rganishga va mutaxassislar bilan birgalikda eng samarali yechimlarni izlashga intilaman. Bu mening boshqaruv uslubining asosiy jihatlaridan biriga aylangan. Ko‘p yillik ish jarayonida
kasbiy o‘sishning deyarli barcha bosqichlarini bosib o‘tdim. Bu menga korxonaning salohiyatini to‘la his qilish, ishchilarning imkoniyatlarini aniqlash imkonini beradi. Bu tajriba, ishlab chiqarish va tijorat jarayonlarini chuqur bilish hamda katta jamoa uchun mas’uliyat yuklaydi. Bizda yangi vazifalar, yangi loyihalar va rivojlanish imkoniyatlarini izlash kabi muhim maqsadlar bor.
Davlatimiz rahbarining Farmoyishi bilan menga “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni berildi. Ushbu mukofot shaxsiy mehnat natijasi emas, balki butun jamoaning amalga oshirilayotgan katta ishlarga ham berilgan munosib baho bo‘ldi.

Yuriy LI,
“ELXOLDING” NPO MChJ bosh direktori,  “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi.