“O‘z davridan o‘zgan Buyuk Ipak yo‘li merosi”
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “Art-Rezidensiya”sida Turkiyaning “Inson va sivilizatsiya” harakati tomonidan shu nomdagi ko‘rgazma tashkil etildi.
Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi, viloyat hokimligi hamda Turkiyaning Samarqanddagi bosh konsulxonasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, “Inson va sivilizatsiya” harakati bo‘lim boshlig‘i Maryam Guney, Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsuli Salih Janer so‘zga chiqib, qadimiy Buyuk Ipak yo‘li ushbu yo‘l o‘tgan davlatlarning nafaqat savdo-iqtisodiy, balki ilmiy-madaniy hamkorlik aloqalari rivojiga ham katta hissa qo‘shganini ta’kidladilar.
– Mintaqamizdagi tarixiy-madaniy boylikni o‘zida mujassam etgan Buyuk Ipak yo‘li tufayli Xitoydan Turkiyagacha bo‘lgan hududda ilm-fan, madaniyat va san’at rivojlangan, – dedi Maryam Guney xonim. – Bizning uyushmamiz bu tarixiy jarayonni o‘rganish va keng targ‘ib etish hamda bugungi aloqalarimizni yanada kengaytirish maqsadida ushbu loyihani amalga oshirmoqda. Ko‘rgazma va simpoziumdan iborat “O‘z davridan o‘zgan Buyuk Ipak yo‘li merosi” loyihamiz ilk bor Turkiyada o‘tkazilgandi. So‘ngra Toshkent shahrida tashkil etdik va ko‘rgazma bugun Samarqandda o‘z ishini boshladi. Keyingi manzil uchun Buxoroni tanlaganmiz.
Ko‘rgazmadan Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tatariston, Qirg‘iziston, Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Ozarbayjon, Eron va suriyalik 41 nafar professional ijodkorning maxsus asarlari o‘rin olgan. Samarqandda 20 dan ortiq asar namoyish etilmoqda. Ular orasida xattotlik, illuminatsiya, miniatyura, yog‘och o‘ymakorligi, koshin, marvarid va metall o‘ymakorligi, zargarlik buyumlari mavjud.
Tadbir doirasida Buyuk Ipak yo‘lining tarixi, muhim markazlari, ilm-fan va san’ati, til va adabiyoti, me’morchiligi masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan simpozium tashkil etildi.
Unda o‘zbekistonlik va xorijdan kelgan tarixchi va san’atshunos olimlar, ijodkorlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazma ertaga, 10 oktyabr kuni ham davom etadi.