“AGROPRO EXPO-2023”: G‘arb va Sharqning dehqonchilikdagi yutuqlari ko‘rgazmasi
Jomboy tumanidagi “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazmalar markazida “AGROPRO EXPO-2023” (agrotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalari, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, chorvachilik, parrandachilik, standartlashtirish va sertifikatlashtirish kabi sohalarida) agrosanoat II xalqaro ko‘rgazma yarmarkasi boshlandi.
21-23 fevralga mo‘ljallangan ko‘rgazma yarmarkasida Markaziy Osiyo, MDH davlatlari, Yevropa va Osiyo mamlakatlari, jumladan, Germaniya, Gollandiya, Rossiya va Turkiya, Eron va Janubiy Koreya kabi qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yetakchi kompaniyalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Oliy Majlis Senati a’zolari, shuningdek, xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada 150 dan ortiq kompaniya va korxonalar 20 mingdan ortiq mahsulot va xizmatlarini taklif etdi. Jumladan, 150 dan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikalari, 20 dan ortiq suv tejamkor texnologiyalar, 50 dan ortiq mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar, 50 dan ortiq eksportyor va qayta ishlash korxonalari 100 ga yaqin urug‘chilik va ko‘chatchilik xo‘jaliklari, 40 dan ortiq chorva va chorva ozuqasi ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda.
Ushbu ko‘rgazmaning yil boshida o‘tkazilishi ham bejiz emas. Chunki bahorgi yumushlar boshlanishidan oldin dehqon-fermerlarimiz sifatli urug‘ tanlash, maydonlarga suv tejovchi texnologiyalar joriy etish va zamonaviy texnikalar xarid qilish uchun hozir qulay payt hisoblanadi. Qolaversa, yangi texnologiyalar, serhosil urug‘ tanlashning ham ayni mavridi.
Suvni tejash, yuqori hosildor urug‘ tanlash dehqonning bugungi kundagi asosiy tashvishiga aylangan. Ushbu ko‘rgazma pavilonlaridan o‘rin olgan asosiy yangi ishlanmalar ham shularni tashkil etadi.
- Korxonamiz 2018 yilda turkiyalik ta’sischilarning sarmoyasi asosida kirib kelgan va biz asosan ekin maydonlariga suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish bilan shug‘ullanamiz, - deydi “Agro Boss IRRIGATION” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lim mudiri Shamsiddin Qurbonov. – Korxonamiz qishloq xo‘jalik klasterlari bilan hamkorlikda paxta, g‘alla, poliz ekinlari v boshqa turdosh ekin maydonlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etamiz. O‘tgan vaqt davomida korxonamiz tomonidan 4 ming gektarga yaqin maydonda ushbu texnologiya joriy etildi. Samarqandning iqlim sharoiti va yerning holati va samaradorligidan kelib chiqib asosan asosan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalariga talab yuqori bo‘lmoqda. Talabdan kelib chiqib, 2021 yilda Samarqand shahrida suv tejovchi texnologiyalarning 80 foizini o‘zimizda ishlab chiqaruvchi korxona ham tashkil qildik.
Ko‘rgazmada mevali va manzarali ko‘chatlar, urug‘lar, qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, zamonaviy uskunalar, to‘quv-trikotaj mahsulotlar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qadoqlash xizmatlari ham namoyish etildi. Shuningdek, xorijdan keltirilgan yirik va mayda shoxli chorva mollari, quyonchilik, baliqchilik, parrandachilik xo‘jaliklari uchun uskunalar ozuqa mahsulotlari ham taqdim etildi. Tijorat banklari va boshqa moliya tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jalik xodimlari uchun qulay xizmat turlari bilan tanishtiruvlar o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: o‘tgan yilgi ko‘rgazmada 100 dan ortiq korxona mingga yaqin mahsulot va xizmatlari bilan qatnashgan. Ko‘rgazma doirasida 200 milliard so‘mlik 100 ga yaqin shartnoma imzolangan. Bu yilgi yarmarkada 20 mingdan ortiq qiziquvchi kelishi va ko‘rgazma doirasida 800 milliard so‘mlik hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Alisher ISROILOV (foto).