Yo‘llar obod bo‘lib, piyodalar yo‘laklari qurilishi kerak. Bu qachon bajariladi?

*Davlat dasturi jamoatchilik nazoratida

Joriy yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida shahar va tumanlar markazlarini obodonlashtirishga oid alohida band kiritilgan. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 1,4 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh bu borada Samarqandda ahvol qanday?

Ushbu masalani mavjud ma’lumotlar asosida tahlil qilishga urinib ko‘rdik.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 36-sonli rayosat majlis bayoniga asosan Samarqand viloyatida shahar va tumanlarning 89,7 kilometr markaziy ko‘chalarini obodonlashtirish belgilangan. Bu ishni amalga oshirish uchun 109,264 milliard so‘m mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilgan.

Ya’ni, bu mablag‘ asosida tuman markazlarida qariyb 90 kilometr yo‘l obodonlashtirilishi, tungi yoritish tizimi va piyodalar  yo‘laklarini qurish ko‘zda tutilgan.

Tasdiqlangan dasturda 16 ta ob’yekt belgilangan. Ularga “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasining viloyat filiali tomonidan ijobiy xulosa olingan. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKdan ham 16 ta shahar va tumandagi ob’yektlar bo‘yicha kompleks ekspertizaning ijobiy xulosalari olingan.

Tender savdolari yakunlanib, bosh pudratchi belgilangan.

Bir qarashda hammasi joyida, batartib va qonuniy olib borilmoqda. Ammo viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bosh pudratchi tashkilotlar tomonidan 30 milliard so‘mlikka yaqin qurilish ishlari bajarilgan. Demak, asosiy yumush hali oldinda turibdi. Salqin kunlar va havo sovishi yaqin qolganini hisobga olsak, hududlar markazini obodonlashtirishni tezlashtirish kerak, bizningcha.

Balki mas’ullar bu haqda boshqa fikrdadir?!

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi asosida tayyorlandi.