Samarqanddagi davlat ahamiyatidagi yo‘llarni ta’mirlash nega dasturga kiritilmayapti?
Samarqanddagi bir necha yillardan buyon yechimini topmayotgan muammoli masalalar bo‘yicha mutasaddilar qanday chora ko‘rayotganligi ma’lum emas. Bu borada rejalar ham mujmal.
Avvalo, muammo haqida.
Prezidentning 2019 yil 11 yanvardagi viloyatga tashrifida Qo‘shrabot va Nurota tumanlarini bog‘lovchi davlat ahamiyatidagi 4R55-“Mitan q.-Qo‘shrabot q.-Nurota sh.” avtomobil yo‘lining qolgan 32-72 kilometr qismini ta’mirlanishi belgilangan. Aniqrog‘i, bu xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi yig‘ilishi 3-sonli bayonida bor.
Biroq ob’yektni ta’mirlash Davlat dasturlariga kiritilmayotganligi sabab Prezident bergan topshiriq ijrosi ta’minlanmayapti. Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qson yettinchi sessiyasi viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i A.O‘roqov aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, davlat rahbari 2021 yil 15-16 aprel kunlari viloyatga tashrifi (20-sonli bayoni 15-bandi)da A-377 “Samarqand-Ayniy” avtomobil yo‘lining 9-36 kilometr qismini rekonstruksiya qilish belgilangan. Bu ishni 2022 yilgi Investitsiya dasturiga kiritish belgilangan, biroq avtomobil yo‘li qurilish ishlari bugungi kunga qadar Investitsiya dasturlariga kiritilmagan.
Prezidentning 2019 yil 26 iyuldagi viloyatga tashrifi (30-sonli bayon 55-band)ga asosan Paxtachi tumani hududidagi 4R185-“M-37 avtomobil yo‘lidan - Qarnobota q.” avtomobil yo‘lining 30 kilometr qismni to‘la ta’mirlash belgilangan.
Taajjubki, avtomobil yo‘lining 25 kilometrini (5-30 km qismlari) to‘la ta’mirlash ishlari davlat dasturlariga kiritilmasdan qolmoqda.
Prezident topshirig‘i ijrosini paysalga solishdan maqsad nima? Uni bajarmaslikka asos bormikan?