Sifatsiz yo‘l uchun qachon yo‘lsoz javob beradi?.. Javobsiz savollar
Ayrim davlatlarda yo‘lga asfalt yotqizilgandan keyin uning ustiga suv sepisharkan va shu orqali yo‘lning obdovi, ya’ni unda ko‘lmak bo‘lmasligi tekshirib ko‘rilarkan. Bizda ana shu tajriba uchun nima yetishmaydi: suvmi yoki yo‘lsozning hafsalasimi?
Ariqlar masalasi alohida mavzu. Bu borada ham ancha o‘zgarish qildik, ammo nega yo‘llarimizda suv to‘planadi? Yoki bizda tekislik sathini o‘lchash asbobi yo‘qmi?
Bizda qachon sifatsiz yo‘l uchun uni qurgan yo‘lsoz javob berish amaliyoti qo‘llaniladi? Bir yilda bitta yo‘lga (ayniqsa, shaharlarda) bir necha bor davlat byudjetidan mablag‘ sarflanishini qaysi tashkilot o‘rganadi: buyurtmachimi, yo‘l quruvchimi, uni qabul qiluvchimi?
Kuchli, surunkali yog‘ingarchilik kuzatilsa, yo‘llarni yoki aholi xonadonlarini, ayrim binolarni suv bosishini yaxshi bilamiz. Bunday paytda ariq yoki oqova tizimida nuqsonlar borligini, loyihalar puxta ishlab chiqilmaganini ro‘kach qilamiz. Lekin nega shu kamchiliklar keyingi yilgacha, yog‘ingarchilik mavsumiga qadar tuzatib qo‘yilmaydi? Bir marta duch kelgan muammoga har yili duchor bo‘laverish nahotki mutasaddilarni tashvishlantirmaydi, nahotki muammoga yechim topilmaydi.
Xullas, sanayversak savollar ko‘p. Ammo ularga javob beradigan mard yo‘q-da. Javob bermaganda ham kamchiliklarni to‘g‘rilab qo‘ysa, vijdoni oldida o‘ziga bir savol bersa, xalqning g‘azabidan, qarg‘ishidan qo‘rqsa yaxshi bo‘larmidi…