Narpayda 18 kilogramm kumushni noqonuniy sotayotganlar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Narpay tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbirda Navoiy viloyatida yashovchi, 1980, 1983 va 1987 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs «shartli xaridor»ga 18 kilo kumush qimmatbaho metall qotishmasining har bir grammini 11,7 ming so‘mdan hisoblab, jami 21 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining tegishli xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur metallning sof og‘irligi 16 kilogramm 744 gramm bo‘lib, asillik darajasi «999» ekani aniqlangan.

Shuningdek, tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu kumush metallning narxi 502 mln 344 ming so‘mni tashkil etadi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu qimmatbaho metallning kelib chiqish manbasini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.