Odamovi Matseslar

Amazonka changalzorlarida Matses qabilasi yashaydi. Madaniy dunyo ular haqida 80 yil avval bilib qoldi.

Matseslar to‘rt ming yil avval ajdodlari qanday yashagan bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Madaniy dunyo bilan muloqot qilishni istamaydi, shunga qaramay ular haqida ayrim narsalar aniqlandi. Matses qabilasi taxminan 3000 kishini tashkil etadi. To‘dalarga bo‘linib, changalzorda tarqalib ketgan. Qabilaning o‘z tili, o‘z urf-marosimlari bor. Har bir to‘da bitta umumiy boshpanada yashaydi. Voyaga yetgan erkak va ayollar tanasiga tatirovka chizish hozirda odat bo‘lib qolgan.

Qabila asosan baliqchilik, ovchilik, tomorqachilik bilan kun kechiradi. Ko‘ngilochar damlar uchun tabbako va akata degan marosimlardan foydalaniladi. Tabbako — bu erkaklar davra qurib, o‘rtada har xil boshni aylantirib, sarxush qiluvchi o‘simliklar yoqilib, tutunidan to‘yib-to‘yib hidlaniladigan marosim. Shu tariqa ular xayoliga kelgan yoki ko‘ziga ko‘ringan narsalarni bir-biriga hikoya qilib ko‘ngil yozishadi.

Akata marosimi esa anchayin murakkabroq. Unda endi gulxan yoqib hididan sarxush bo‘lish kifoya qilmaydi. Buning uchun baqa kerak. Ya’ni, oddiy baqa emas, boshni aylantirib, ko‘zga har xil g‘aroyib narsalarni ko‘rsatuvchi zaharli baqa. Bunaqa baqalar Amazonkada tiqilib yotibdi. Akata marosimida baqalar panjalari tayoqlarga tortilib, iloji boricha boshni gangitadigan hidni chiqarguncha cho‘ziladi. Va hid to‘yib hidlanadi. Marosim ishtirokchilari sarxushlikdan quvnoq kayfiyatda o‘yin-kulgi qilashadi.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.