O‘zbekiston yaqin yillarda daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan 2026 yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasidagi Davlat dasturi iqtisodiy o‘sishni inson qadri bilan uzviy bog‘lashga xizmat qiladi.
Takomillashgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida qabul qilingan dastur mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Jumladan, kelgusi yillarda iqtisodiyotimizni jadal o‘stirib, soha va tarmoqlarni texnologik o‘sish modeliga o‘tkazish orqali 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish, joriy yilning o‘zida esa bu ko‘rsatkichni 167 milliard dollarga olib chiqish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Buning natijasida O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiradi. Ushbu maqsadlar yo‘lida iqtisodiy qudratimiz asosi bo‘lgan eng ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat tarmoqlari rivojlantiriladi. Buning uchun strategik megaloyihalar ishga tushiriladi. Xususan, Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi, Ohangaron misni qayta ishlash klasteri, Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari, Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi, Tebinbuloq va G‘allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi.
Garvard universitetining iqtisodiy murakkablik indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyot tarmoqlari uchun kelgusida o‘zlashtirilishi tavsiya etilgan 50 ta yuqori qiymatli mahsulotlar orasida eng katta bozorga ega yo‘nalish bu avtomobilsozlik sanoatidir. Ta’kidlash joizki, avtomobillarga jahon bozoridagi talab 13 trillion dollarni tashkil etadi.
Mazkur yo‘nalishda kelgusida mamlakatimizda 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, ishlab chiqarish hajmi yillik 1 million donaga yetkaziladi, shundan 300 mingtasini elektromobillar tashkil etadi.
Bu kabi megaloyihalar evaziga sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi hozirgi 20 milliard dollardan 45 milliard dollarga yetkaziladi.
Qurilish sanoatida ham katta marralar belgilangan. Xususan, ushbu sohaga kelgusida yiliga 15 milliard dollarlik investitsiyalar yo‘naltirilib, hududlarimizda 1 millionta xonadon qurish bo‘yicha rejalar belgilab olingan, shuningdek, “Mening birinchi uyim” dasturi doirasida respublikada kamida 140 mingta ijtimoiy uylar barpo etiladi.
Albatta, ushbu ulkan marralar shunchaki belgilanmagan, biz kelgusi yillarda iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini ta’minlagan holda Jahon savdo tashkiloti va boshqa yirik integratsion loyihalarda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha taniqli ekspertlarning fikricha, mavjud potensialni inobatga olgan holda O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi o‘n yilliklarda mintaqadagi eng rivojlangan iqtisodiyotni qurishi va nafaqat o‘zi, balki qo‘shni davlatlarni ham o‘rta rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi mumkin.
Ushbu maqsadlar uchun 2030 yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalar talab etiladi. Bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobiga, 40 milliard dollarni davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish ko‘zda tutilgan.
Bank va moliya tizimining kreditlash hajmini hozirgi yillik 18 milliard dollardan 40 milliard dollarga yetkazish, shu bilan birga, bank omonatlari hajmini 4 barobarga oshirish (70 trillion so‘mdan 260 trillion so‘mgacha), davlat ulushi mavjud banklarni xususiylashtirish, moliyaviy xizmatlari va bank bozoriga yirik xorijiy banklari kirib kelishiga imkoniyat yaratiladi.
Kelgusida energetika sohasini jadal rivojlantirib, aholi va sanoatni barqaror va sifatli energiya bilan ta’minlash, shu jumladan, toza energiya manbalarini kamida 40 foizga yetkazish belgilandi. Buning uchun yuqori energiya sig‘imkor sohalar, xususan, raqamli texnologiyalar, fintex, moliyaviy xizmatlar kabi yangi tarmoqlarni rivojlantirish zarur.
IT sektorda hozirda qariyb 1 milliard dollarlik marralar zabt etilgan bo‘lsa, kelgusi 5 yilda ushbu ko‘rsatkichni kamida 5 karra oshirish istiqbollari mavjud.
Aholi daromadlari o‘rtasidagi keskin tafovutlarning oldini olish, hududlarda barqaror ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali yangi o‘rta sinf qatlamini kengaytirish va eng asosiysi, aholi farovonligini ta’minlash ham eng muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Yangi strategik maqsadlarga ko‘ra, bu yil kambag‘allik darajasini 2,8 foizga va ishsizlikni 4,5 foizga tushirish choralari ko‘riladi. Bunda asosiy e’tibor mahallabay ishlashga qaratilib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va Yangi O‘zbekiston qiyofasini yaratish uchun 20 trillion so‘m yo‘naltiriladi hamda mahallalarda 10 mingdan ortiq loyihalarni ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Yoshlar orasida ishsizlik darajasi 14 foizdan 6 foizga kamaytiriladi. Ushbu maqsadlarda 2030 yilga qadar har bir hududning demografik, tabiiy, infratuzilmaviy xususiyatlariga ko‘ra mehnat bozoriga ilk marotaba kirib kelayotgan 1 million nafar yoshlar munosib daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun har tomonlama sharoit yaratiladi.
Milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish va uning tarkibida qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ulushini keskin oshirish bo‘yicha ham aniq maqsadlar belgilab olingan.
Xususan, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish maqsadida sanoat ipotekasi tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan ikkitadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi hamda bu maqsadlar uchun 1 milliard dollarlik Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Jahon bozorlariga raqobatbardosh mahsulotlar bilan kirib borish maqsadida dunyoning 50 ta nufuzli brendlari bilan maxsus eksport zonalarini tashkil qilish masalalari belgilangan. Buning natijasida eksport hajmini 2 barobarga oshirish va uning hajmini kamida 45 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjud.
Qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish bo‘yicha ham bir qator aniq maqsadlar qo‘yilgan. Ya’ni, qo‘shimcha 300 ming gektar yer maydonini zamonaviy suv tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash orqali o‘zlashtirish, mahalliy sabzavot, poliz, kartoshka urug‘lik ta’minotini hozirgi 15 foizdan 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Natijada 2030 yilgacha bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromad 3 ming dollardan 5 ming dollarga yetkaziladi.
Suv yetkazishdagi yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida Turkiya tajribasi asosida yopiq quvurlar tizimini joriy etish dasturi ishlab chiqiladi. Shunigdek, 4,2 kilometrdan ortiq tuproq qoplamali kanallar to‘liq beton qoplamaga o‘tkaziladi va bu orqali yiliga 1 milliard kub metr suv tejaladi. Shuningdek, keyingi yetti yilda suv ta’minoti qo‘shimcha 1,2 million gektar yer maydonini qamrab oladi. Lalmi va oborotdan chiqib ketgan 500 ming gektar maydonni foydalanishga kiritish bo‘yicha ham alohida dasturlar qilinadi.
O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali xorijiy sayyohlar sonini 20 millionga, ichki sayyohlar sonini 30 millionga yetkazish maqsadlari belgilab olingan.
Hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash darajasini oshirish yo‘nalishida ham bir qator ishlar olib borilishi maqsad qilingan.
Jumladan, kelgusi besh yilda yurtimizda urbanizatsiya darajasi hozirgi 51 foizdan 60 foizga yetkaziladi. Bu borada birinchi qadamlar qo‘yildi, hozirgi kunda aholi zich bo‘lgan hududlarda massiv qurishdan shahar qurishga o‘tildi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 100 taga yetkazilishi, shuningdek, tuman (shahar)larning bosh va master rejalarini 3 ta toifali (renovatsiya, rekonstruksiya va konservatsiya) zonalarga ajratib, soddalashtirilgan tartibda hamda aholi va tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqish amaliyoti joriy etiladi. Bunda hududlar 3 ta toifali zonalarga ajratiladi.
Jumladan, renovatsiya zonalariga foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan uy-joylar, binolar, inshootlar o‘rnida yangi qurilishlar rejalashtirilgan hududlar kiradi.
Rekonstruksiya zonalarida esa mavjud uy-joylarni saqlab qolgan holda, ularning atrofida qo‘shimcha qurilishlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Konservatsiya zonalari o‘zgarishsiz, o‘z holicha saqlab qolinadigan madaniy meros obektlari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar joylashgan maydonlar hisoblanadi.
Biznes va aholi ehtiyojidan kelib chiqib, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar amalga oshiriladi.
Barcha aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash, elektrlashgan temir yo‘llari ulushini 2030-yilga borib 65 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Xususiy sektor ishtirokida 56 ming kilometr yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish va bu uchun 6 milliard dollar yo‘naltirish belgilangan.
Yangi stansiyalar ishga tushishi bilan 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.
Transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish sohasida aviaqatnovlar soni 4 marta oshiriladi.
“Toshkent – Samarqand”, “Navoiy – Buxoro” yo‘nalishlarida qo‘shimcha tezyurar temir yo‘llari va yuqori tezlikdagi magistral yo‘llar quriladi. Elektrlashgan temir yo‘llari ulushi 43 foizdan 65 foizga yetkaziladi.
6 ta yirik ayeroport modernizatsiya qilinadi, xususiy aviakompaniyalar soni 10 taga yetkaziladi. 2030 yilga qadar tuman markazlaridan har bir qishloqqacha – jami 5,5 ming kilometr sement-beton yo‘llar quriladi va jamoat transporti yo‘lga qo‘yiladi.
Xususiy sektor ishtirokida 56 ming kilometr avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinadi. Yo‘lovchi va yuk tashish hajmi 3 barobar ko‘paytiriladi. Ikki yilda barcha qishloq va ovullar Internet bilan to‘liq qamrab olinib, tezligi 10 karra oshiriladi.
Monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish yo‘nalishida temir yo‘l xizmatlari, avtomobil yo‘llari qurish va boshqarish, gaz va elektr yetkazib berish xususiy sektorga o‘tkaziladi.
Muxtasar qilib aytganda, kelgusi 5 yil uchu juda ulkan, ulug‘vor maqsad va vazifalar belgilandi. O‘tgan davrda to‘plangan bilim va tajriba bu vazifalarni o‘z vaqtida bajarish imkonini beradi.
Muhsinjon XOLMUXAMEDOV,
“Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori v.b.