Yozuvchi va shoirlar hayotidan kulgili hikoyalar
Pushkin nega parik kiygan, Mark Tven qayerga ketayotgan bo‘lgan va Tolstoyni kim tanimagan?
Adabiyot arboblarining g‘ayrioddiy odatlari va turmush tarzi ularning tarjimai holidagi quruq dalillardan ko‘ra ko‘proq narsani ochib berishi mumkin. Yozuvchilar ham boshqalarga o‘xshagan odamlar. Lekin ularning o‘ziga xos fe’l-atvori bo‘lgan. Maqolada mumtoz adabiyot vakillari bilan sodir bo‘lgan ayrim qiziqarli voqealarni bayon etamiz.
Aleksandr Pushkin
Bir kuni endigina bezgak kasalidan tuzalib, sochi qirtishlangan Pushkin teatrga parik kiyib bordi. Dastlab hammasi odatdagidek bo‘lib, Pushkin xotirjam spektaklni tomosha qilayotgan edi. Lekin tomoshaning ta’sirli lahzasida shoir boshidagi yasama sochni yechdi va “juda issiq”, dedi yonida o‘tirganlarga qarab.
Artur Konan Doyl
Parijda kulgili voqea yuz berdi. Mashhur “Sherlok Xolms” izquvari yaratuvchisi Artur Konan Doyl poyezddan tushayotganida taksi haydovchisi uning oldiga yugurib kelib, qo‘lidagi chamadonini yulib olib, mashinasiga qo‘ydi va “Janob Konan Doyl qayerga ketyapsiz?”, deb so‘radi. Yozuvchi taksi haydovchisi qanday qilib uni tanigani bilan qiziqdi.
U Xolmsning deduksiyaga asoslangan usulini o‘zlashtirgani, yozuvchini ko‘rishi bilan uning qo‘lida siyoh izlari borligi, xulq-atvoriga qaraganda, u shifokorga o‘xshashi, lekin kiyimlari London uslubida ekani va hokazo tafsilotlarni tahlil qilish orqali uni taniganini aytib javob berdi.
Tinglab turgan Xolms hayron qoldi: “Axir, siz haqiqiy Sherlok Xolmssiz-ku!", dedi. Haydovchi biroz hijolat tortdi va qo‘shib qo‘ydi:
- Ha... Lekin yana bir tafsilotga e’tibor qaratdim, chamadoningizning yorlig‘ida katta harflar bilan ismingiz va familiyangiz yozilgan ekan...
Lev Tolstoy
Tula shahrida yozuvchi Lev Tolstoyning oilasi uchun yozgan “Ma’rifat mevalari” asarini sahnalashtirishga qaror qilindi. Muallif spektaklga taklif oldi. Ammo u teatrga kelganida uni kiritishmadi. Negaki, yozuvchi oddiygina qishloq kiyimida edi. Eshik og‘asi unga o‘z yo‘lidan qolmaslikni aytdi.
Tolstoy bahslashib o‘tirmadi va yaqin atrofdagi o‘rindiqqa o‘tirib oldi. Ko‘p o‘tmay teatrga yetib kelgan mahalliy amaldor skameykada o‘tirgan yozuvchini ko‘rib, hayron bo‘ldi va undan u yerda nima qilib o‘tirgani bilan qiziqdi.
Tolstoy esa “o‘tiribman”, deb javob berdi. U tabassum bilan tushuntirdi: “Men pesamni ko‘rmoqchi edim, lekin meni ichkariga kiritishmayapti...”.
Mark Tven
Parishonxotir Mark Tven tez-tez noqulay vaziyatlarga tushib qolardi. Bir kuni u poyezdda ketayotgan edi, vagonga chipta nazoratchisi kirib keldi. Tven cho‘ntagini kovlay boshladi, lekin chipta topilmadi. Nihoyat, nazoratchining rahmi kelib, unga e’tiborli bo‘lishi va chiptasini qaytishda tekshirishini aytdi.
G‘azablangan yozuvchi norozilik bilan javob berdi: “Yo‘q, men o‘sha la’nati chiptani topishim kerak! Aks holda, qayerga ketayotganimni qayerdan bilaman?".
B.Muhammadiyeva tayyorladi.