"Ombudsman maktabi" muloqotlarining navbatdagisi manzil koloniyada o‘tkazildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida hududlarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Ombudsman maktabi: harakatlanish erkinligi cheklangan joylarda mahkumlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.

Past Darg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi 37-sonli manzil koloniyada o‘tgan uchrashuvda jazoni ijro etish hududlari, manzil koloniyalarda mahkumlarning haq-huquqlari, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida so‘z bordi.

- Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan maqsad mahkum va mahbuslarga o‘z huquqlari, Ombudsmanga murojaat qilish tartibi, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalalarning oldini olish bo‘yicha mavjud kafolatlar haqida tushunchalar berildi, - deydi Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov. - Shuningdek, jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin jamiyatga moslashish jarayonida foydalanishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-huquqiy imkoniyatlar haqida tushunchalar berishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda mahkumlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarni saqlash shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali mahkumlarning huquqlarini yanada kengaytirish, jinoyat-ijroiya qonunchiligi xalqaro normalarga ko‘ra muvofiqlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan mahkumlarning masofali video-uchrashuvdan foydalanish huquqini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur Qonun mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning yaqin qarindoshlari bilan masofadan turib video-uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, uchrashuvda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat bo‘limi, viloyat IIB JXX probatsiya boshqarmasi vakillari ham ishtirok etib, jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar, ona va bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Manzil koloniyada o‘rnatilgan "Ombudsmanga murojaatlar" qutisiga tushgan shikoyatlar o‘rganildi.