Jurnalistlar faoliyati sarhisob qilindi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining umumiy yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan ushbu haftada Samarqandda davom etayotgan “Media haftalik” doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda uyushma viloyat bo‘limining 2021-2025 yillarda amalga oshirgan ishlari tahlil qilindi hamda kelgusi besh yillik harakatlar rejasi tasdiqlandi.

– Bugungi kunda viloyatimizda 33 ta gazeta va jurnal chop etilmoqda, bitta televideniye, bitta radio, 10 ta internet nashri mavjud, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov. – Barcha gazetalar internet tarmog‘ida rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda sahifalariga ega bo‘lib, viloyat hayoti bilan bog‘liq voqea-hodisalar tezkor yoritilmoqda. Hokimliklar, hududiy boshqarma va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlarida 80 ta axborot xizmati tashkil etilgan. Besh yil davomida uyushmaning viloyat bo‘limi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga matbuot anjumani, brifing, davra suhbati, press-tur, kitob taqdimoti, seminar, sport musobaqasi shaklida 650 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. Bu davrda olti nafar jurnalist davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, yana besh nafar hamkasbimiz “Oltin qalam” Xalqaro milliy mukofoti sovrindori bo‘ldi. Gazeta va internet nashrlar tahririyatlari, televideniye va radio jamoalari Oliy Majlis hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondlari tomonidan e’lon qilingan grantlar tanlovlarida g‘olib bo‘lib, moddiy-texnika bazasini mustahkamladi, xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov so‘zga chiqib mamlakatimizda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar, bunda jurnalistlar oldida turgan vazifalar, ularning mas’uliyatiga to‘xtaldi.

– Bugun dunyoni axborot boshqarayotgan, internet, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan davrda yashayapmiz, – dedi Sh.Oripov. – Albatta, bunday paytda jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillaridan ogohlik va sergaklik, faollik talab etiladi. Samarqandlik hamkasblarimiz bu mas’uliyatni his qilib, teran anglagan holda faoliyat ko‘rsatayotganiga guvohmiz, lekin bu shijoatni yanayam oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, xususan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur. Uyushma viloyat bo‘limining kelgusi besh yillik  harakatlar rejasida bunga alohida e’tibor qaratilgani yaxshi. Shu bilan birga bugun yig‘ilishda samarqandlik jurnalistlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida uni takomillashtirib, qabul qilsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Kun tartibidagi masala muhokamasi chog‘ida jurnalistikada professionallikni oshirish, axborot makonida tezkorlik va xolislikni ta’minlash, zamonaviy media talablariga mos ishlash muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi hisobot yig‘ilishiga delegatlar saylandi.