O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Milliy media birlashmasiga yangi rahbarlar tayinlandi
Biznesni rivojlantirish banki matbuot xizmati boshlig‘i Shuhrat (Orif) Oripov Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Sh.Oripov - 1981 yil Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan.
O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1999 yilda jurnalist sifatida boshlagan. Bir qancha gazetalarda faoliyat yuritgan. Keyinchalik davlat va jamoat tashkilotlarida (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida), shuningdek, siyosiy partiya (O‘zLiDep) tizimida axborot siyosati va matbuot xizmati yo‘nalishlarida faoliyat olib borgan.
“Men asli odammas, yor edim”, “Shom tovushi” kitoblari nashr etilgan. 15-Xalqaro turkiy she’riyat festivali ishtirokchisi (Turkiya, 2022 yil).
“Shuhrat” medali, «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan Xolmurod Salimov Uyushma raisi birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan.
***
Odiljon Tojiyev O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi etib tayinlandi.
O.Tojiyev 1984 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yil Toshkent islom universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi huquqshunos. Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Qonunchilik palatasi Spikerining raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan.