Ruhiyatni davolaydigan olima

Qahramonimiz – Samarqand davlat universiteti amaliy psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi Tohirova Mohigul Umir qizi yaqinda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Hayotimni o‘zgartirgan dakki

– Bolaligimda shifokor bo‘lishni judayam orzu qilganman. Shuning uchun maktabni tugatgach, hujjatlarimni hech ikkilanmay tibbiyot kollejiga topshirgandim, - deydi Mohigul. Yaqinlarim ko‘nglimga qarabmi, menga qarshilik bildirishmadi. Oppoq xalatlarda o‘qishga go‘yoki uchib borardim. Bir kuni... tibbiy ko‘rikdan o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. O‘quvchilarning ko‘zlarini tekshiradigan vrach oldida nima qilarimni bilmay qoldim. Chunki tashqi ko‘rinishimdan ko‘zlarim ojizligi bilinmaydi. Shifokor harflar yozilgan jadvalning yoniga o‘tqizib qo‘ydi hamki, ularni ko‘ra olmadim. “Sen bu yerda nima qilyapsan, odamlarni qanday davolamoqchisan?” dedi shifokor. Bu gaplar ko‘nglimga tig‘day botdi, uyga borib uch kun yig‘ladim. Shundan keyin ota-onam dalda bo‘ldi. Dadamning “Qizim, sen odamlarning jismini emas, ruhiyatini davolovchi bo‘l, ular ham aslida shifokorlar”, degan daldasidan so‘ng maqsadlarimni aniqlashtirib oldim. Shunga qarab tayyorgarlik ko‘rdim... O‘shanda shifokorning gaplaridan juda uzoq vaqt xafa bo‘lib yurgan bo‘lsam, ammo hozirda bu voqea hayotimdagi muhim nuqta bo‘lganidan minnatdorman.

Psixologiyaga ilk qadam

Bolaligim Ishtixon tumanida o‘tgan. Otam – farmatsevt, onam – o‘qituvchi. Ishtixon tumanining Barlos qishlog‘idagi 22-umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim olganman. Maktabni a’lo baholarga tugatgach, pedagogika kollejida tahsil oldim. 2019 yil Samarqand davlat universiteti amaliy psixologiya fakultetini qizil diplom bilan tugatdim. O‘sha yili fakultetimizda magistraturaga o‘qishga qabul boshlandi. Ustozlarimning maslahati bilan magistraturaga hujjat topshirdim. Lekin ota-onam biroz ikkilanishdi, qiynalib qolmaysanmi, deb xavotir olishdi. Qarorim qat’iyligini anglagach, qo‘llab-quvvatlashdi.  Nega ilmiy ish qilishni tanladim? Chunki hech kimga sir emas, psixologiyada adabiyotlar kam, ayniqsa, imkoniyati cheklangan insonlar, xususan, ko‘zi ojiz safdoshlarim uchun bu borada deyarli adabiyot yo‘q edi. Talabalik paytim 80 daqiqalik ma’ruzani telefonim diktofoniga yozib olardim. Ma’ruzalarni Brayl alifbosiga tushirib keyin o‘qirdim yoki ularning gaplaridan tinglab, o‘rganardim. 2021 yil magistraturani tugatganimdan so‘ng ustozlarim o‘zlari qo‘llab-quvvatlab, maqolalarimni o‘qib, “doktoranturaga topshirib, ko‘r”, deb maslahat berishdi. Haqiqiy ilmga kirib kelishim doktoranturaga kirgach boshlandi.  2024 yil Brayl alifbosida “Umumiy psixologiya” nomli o‘quv qo‘llanmam nashr etildi. Ushbu o‘quv qo‘llanma O‘zbekistonda ko‘zi ojiz insonlar uchun birinchi ilmiy psixologik adabiyot bo‘lib, hozir uning audio shaklini ham tayyorlayapmiz. Bu ishlarimizni “Kitob - ko‘ngil nuri” loyihasida davom ettiryapmiz. Chunki ko‘zi ojiz, bilimga chanqoq talabalarga bitta kitob kamlik qiladi.     

Orzular ushalgan yil

Shu yillar davomida 30 ta ilmiy maqola, bitta monografiyam Moldava davlatida, ingliz tilida 2025 yil nashr etildi. 2023 yilda ko‘rishda nuqsoni bor shaxslarning ijtimoyilashuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadida rasmli matnni ovozlashtiruvchi mobil ilova dasturini loyihalashtirdik. Ilova telefon orqali ishlaydi. Masalan, ko‘zi ojiz insonga shifokor retsept yozib beradi yoki qo‘liga gazeta tushib qoldi. Uning yonida o‘qib beradigan hech kim yo‘q. Shunday vaziyatlarda ilovani ochib, kerakli matnni rasmga tushiradi va ilova uni o‘qib beradi. Ushbu dasturni ham “Kitob – ko‘ngil nuri” loyihasi doirasida tashkil qildik.

2025 yil PhD ilmiy darajasiga ega bo‘ldim. Turk tilidan xalqaro S1 sertifikatini oldim. Shu yili Moskva shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumda “O‘zbekistonda zamonaviy inklyuziv ta’lim istiqbollari” nomli ma’ruzam bilan qatnashdim. Forumda ustozlar “Siz nafaqat bakalavrda, balki maktabda ham inklyuziv ta’limda tahsil olgansiz. Demak, siz sohaning haqiqiy ekspertisiz”, deya e’tirof etishdi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili Amerika psixologlari assotsiatsiyasida xalqaro hamkorlikka saylandim. Shu yergacha yetib kelishimda davlatimizning bizga yaratgan sharoiti, oilam, turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlovi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ayni paytda dars berish bilan bir qatorda Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan “Inklyuziv media klub” rahbari sifatida faoliyat olib boryapman. Ya’ni, universitetimizda tahsil olayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiylashtirish asosiy maqsadimizga aylangan. Universitetimizda 147 nafar nogironligi bor talabalar bor. Ular uchun bepul kurs tashkil qilganmiz: sun’iy intellekt, zamonaviy musiqa, tasviriy san’at, robototexnika yo‘nalishlarimiz bor.

Yaqinda kiberbullingning oldini olish buyicha xalqaro kursni tamomladim. Yaxshi bilamiz, keyingi paytlarda raqamli zo‘ravonlik holatlari kundan kunga ko‘payib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar hamkorligida joylarda o‘tkazilayotgan anjumanlarda  ayollarni raqamli zo‘ravonlikdan asrash chora-tadbirlari, ularga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha ma’ruza o‘qiyapman.

Tafakkur eng muhimi!

Juda ko‘pchilik ko‘zlaringiz ko‘rmay turib, shuncha darajaga qanday erishgansiz, deb savol berishadi. Mening esa javobim bitta: biror faoliyatda muvaffaqiyat qozonish, nimagadir erishish uchun tafakkur, bilim kerak. Qolganini eplasa bo‘ladi.

Munisa ShAMSIEVA yozib oldi.