Samarqandlik Zulfiyachilar aniqlanmoqda
Ayni damlarda Samarqandda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda mazkur tanlovning shahar va tuman bosqichlarida o‘rin egallagan 129 nafar qizlar 7 yo‘nalishda ishtirok etyapti.
- Tanlovning quyi bosqichlarida shu yil 1461 nafar qizlar qatnashdi, - dedi viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova. - Alohida ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda tanlovga qatnashayotgan qizlarning yutuqlari tobora kengaymoqda. Xalqaro darajadagi muvaffaqiyatlari bilan ishtirok etayotgan qizlar soni oshgan. Qolaversa, fan, ta’lim yo‘nalishida ishtirok etishni istovchi qizlar soni ko‘paygani ham quvonarli.
Tanlov ishtirokchilari bilan suhbatlasharkanmiz, ular orasida "Nihol" mukofoti sovrindorlaridan tortib, xalqaro musobaqalar g‘oliblari, ingliz tilida dars o‘tadigan, kitoblari 30 ming nusxada chop etilayotgan qizlar ham borligiga guvoh bo‘ldik.
Ota-onalar, ustozlar qizlarni qo‘llab-quvvatlab turibdi.
- Qizim tug‘ilganidanoq doyalar qo‘shiqchi bo‘ladi, deyishgandi, - deya so‘zlab beradi kattaqo‘rg‘onlik Akmal Hikmatov. - Aytganlariday bo‘ldi, bolaligidan qo‘shiq kuylashga qiziqdi, biz ham qo‘llab-quvvatladik. Chunki "Musiqa maktabiga har kuni boraman, pul bermasangiz, piyoda ketaman", deya qo‘ymasdi. Mana, bugun qizimning niyatlari amalga oshdi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olyapti, qator tanlovlar g‘olibi. Shu yil "Nihol" mukofoti sovrindoriga aylandi.
O‘z yo‘nalishlarida imtihondan o‘tayotgan qizlarning savollarga burro-burro javob berayotgani, maqsadlari katta ekanligini eshitarkanmiz, iqtidor imkoniyatlardan quvvat olib, yuqorilayotganiga amin bo‘ldik.