Samarqandda Zulfiya davlat mukofoti uchun tanlovga saralash boshlandi

Yildan-yilga xotin-qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda ular nafaqat ta’lim, fan, san’at, adabiyot, axborot texnologiyalari, sport va tadbirkorlik kabi sohalarda yuksak yutuqlarga erishmoqda, balki xalqaro maydonlarda ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.

Bu jarayon ularning salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, iqtidorni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. Ana shunday rag‘batlantiruvchi omillardan biri — Zulfiya nomidagi Davlat mukofotidir. Ushbu mukofot qizlarimizning faolligini oshirish, imkoniyatlarini ochib berish va yuksak marralarga yetishishida muhim rol o‘ynamoqda.

- Keyingi yillarda ushbu mukofotga talabgorlar soni yil sayin ortmoqda, - deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi bosh mutaxassisi Oyto‘la Abdurayimova. - 2023 yilda tuman va shahar bosqichlarida 900 nafar qiz ishtirok etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 1059 tani tashkil etdi. Ularning 142 nafari viloyat bosqichiga saralanib, 24 nafar yosh tanlovning respublika bosqichida qatnashgan, 2 nafari esa g‘olib deb topilib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.

Bu, albatta, qizlarimizning intilishlari, mehnatsevarligi va bilimga chanqoqligidan dalolatdir. Shu bilan birga, joylardagi ishchi guruhlar, murabbiylar va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan tayyorgarlik ishlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2024 yil 1 noyabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 731-sonli qaroriga muvofiq, mazkur mukofot 8 yo‘nalishda — ta’lim, fan, adabiyot, san’at, sport, axborot texnologiyalari, jamiyat ishlarida faollik va tadbirkorlik sohalari bo‘yicha topshiriladi. Tanlovni tashkil etishda adolat, shaffoflik, salohiyatni baholash mezonlariga katta e’tibor qaratilayotgani ham qizlar o‘rtasida ushbu mukofotga nisbatan ishonch va ishtiyoqni yanada kuchaytirmoqda.

Oqdaryo tumanida ham Zulfiya mukofoti bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yaxshi natija bermoqda.

–  Shu paytga qadar tumanimizdan 3 nafar xotin-qiz ushbu mukofot sohibasi bo‘ldi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Yulduz O‘roqova. – Jumladan, Nazokat Abdurahmonova ta’lim yo‘nalishida, Madina Qanoatova san’at yo‘nalishida sovrindor bo‘lgan. 2024 yilda tumanda 154 nafar qiz tanlovning tuman bosqichida ishtirok etdi. Ular orasidan 14 nafari viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. 3 nafari mamlakat bosqichiga chiqish sharafiga muyassar bo‘ldi. Yangiqo‘rg‘on mahallasida tug‘ilib o‘sgan Gulhayo Anorova adabiyot yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq deb topilgani bizni xursand qildi.

Bu nafaqat tumandagi ta’lim va tarbiya tizimi samarasi, balki iqtidor egalarini taniqli ustoz va murabbiylar rahbarligida yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar natijasidir. Bugungi kunda 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan tanlov uchun tayyorgarlik ishlari jadal ketmoqda. Joriy yilning tuman bosqichida 200 nafarga yaqin qizlar ishtirok etishi kutilyapti.

Tanlovga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan qizlar orasida fan doktorligi ustida ish olib borayotgan, ilmiy maqolalari xorijiy jurnallarda chop etilgan, o‘z sohasida sezilarli yutuqlarga erishgan doktorant qiz Zarina Ro‘zimurodova ham bor. U bilan suhbatda bo‘lganimizda, Prezident qo‘lidan mukofot olishni maqsad qilganini qat’iyat bilan ta’kidladi. Bu so‘zlar ortida katta mas’uliyat, mehnat va Vatanga sadoqat mujassam.

Ayni paytda tumanda “Zulfiyaxonim izdoshlari” klublari faoliyat ko‘rsatmoqda. Qizlar zaxirasi shakllantirilgan bo‘lib, ularga soha bo‘yicha tajribali murabbiylar biriktirilgan. Ushbu klublar orqali qizlar nafaqat tanlovga tayyorgarlik ko‘rmoqda, balki ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy faollik yuzasidan ham ko‘nikma hosil qilmoqdalar.

Zulfiya mukofoti nafaqat iqtidor egalarini taqdirlash, balki ularning kelajakdagi yutuqlari uchun mustahkam poydevor yaratish vositasiga aylanmoqda. Qizlarimiz bu imkoniyatdan unumli foydalanib, ilm-fan, madaniyat va jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchiga aylanmoqda. Har bir iqtidor egasiga e’tibor va imkoniyat yaratish orqali biz nafaqat bir inson, balki butun jamiyatning kelajagini belgilab boramiz.

To‘lqin Siddiqov.