Ta’lim aqlli intellekt girdobiga tushmasligi kerak
Raqamli texnologiya, sun’iy aql kirib bormagan hech bir soha qolmadi. Shu jumladan, ta’lim tizimi ham aqlli intellekt (AI) orqali jiddiy yangilanmoqda, o‘quvchilarning bilim olish usullarini samarali qilishga xizmat qilyapti.
AI ta’limda nafaqat qo‘shimcha vosita, balki shaxsiylashtirilgan o‘qish va mustaqil ijodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlovchi muhim resursga aylangan.
AI platformalari talabaning o‘qish sur’atini, bilim darajasini va qiyinchiliklarini tahlil qilib, unga moslashtirilgan o‘quv rejasi hamda qo‘shimcha topshiriqlarni taklif etadi. Bu, ayniqsa, katta sinflarda yoki ko‘p o‘quvchili kurslarda o‘qituvchining har bir talaba bilan alohida shug‘ullanish imkoniyati cheklangan vaziyatlarda muhimdir.
Bugungi kun talabalari AIdan juda ko‘p maqsadlarda foydalanmoqda. Jumladan, taqdimot va ma’ruza matnlarini tayyorlash, murakkab mavzularni sodda tilda tushunish, ilmiy ma’lumotlar izlash, shuningdek dasturlash yoki matematika masalalarini yechishda AI yordamidan foydalanish holatlari ko‘p uchraydi. Sun’iy intellektli chatbotlar talabalarga izoh berish, tushunmovchiliklarni bartaraf etish va mustaqil o‘rganishni osonlashtirishda ham xizmat qilmoqda.
Biroq, AI muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Qanday deysizmi? Eng asosiy xavotir – talaba mustaqil fikrlamay qo‘yadi, o‘zlashtirish darajasini pasaytiradi. Har bir topshiriqni “temir do‘st”lar bajaraversa, yoshlar o‘z bilimini mustaqil ravishda shakllantira olmaydi. Bunda o‘quvchilar AI taqdim etadigan dastur yordamida uyga vazifalarni osonlik bilan topadi-qo‘yadi. Oqibatda mavzu yodda qolmaydi, ta’limning mohiyati yo‘qoladi.
AI yordamida tayyorlangan ishlar plagiat va axloqiy muammolarni kuchaytirishi ham aniq. Shu sababli o‘qituvchilar AIdan foydalanishini jiddiy nazorat qilib, talabalarni unga to‘g‘ri yondashishga o‘rgatishi juda-juda zarur.
Lola Mannobova,
Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi.