Samarqandda tarixiy anjumanga tayyorgarlik qizg‘in pallaga kirdi

Oktyabr oyi so‘nggi kunlarida Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘z ishini boshlaydi.
Mazkur xalqaro forumning so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YuNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda – Sharq va G‘arbni bog‘lagan Samarqandda o‘tkazilishi tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri kelgani bilan ham tarixiy ahamiyatga ega. Yana bir e’tiborli tomoni, 43-sessiyada tashkilotning amaldagi rahbari vakolat muddati tugashi munosabati bilan yangi bosh direktor saylanadi. Shu sababli YuNESKO bosh shtab kvartirasi hamda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yubiley sessiyasiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 15 martdagi qaroriga ko‘ra, mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlanib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tashkiliy qo‘mita tomonidan sessiya bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan ishchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan zarur vazifalar bajarilmoqda.
– Sessiya ishtirokchilari va nufuzli mehmonlarni munosib kutib olish va kuzatish uchun Samarqand xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzalida qo‘shimcha imkoniyatlar, sharoitlar yaratildi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Ularning xavfsizligini ta’minlash, zarurat tug‘ilganda, tibbiy xizmat ko‘rsatish, transport xizmati va boshqa masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan birga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mehmonlarning asosiy tadbirlardan bo‘sh vaqtlarida viloyat bo‘ylab sayohatga chiqishlari uchun olti yo‘nalish bo‘yicha sayyohlik dasturlari tuzildi. Shuningdek, o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lishlari va xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzi bilan tanishishlari uchun ham ular boradigan manzillar belgilab olindi.
22 sentyabrdan Samarqand shahrida xalqaro forumga hozirlik bo‘yicha shtab rasman faoliyat boshladi. Shtabga vazirlik va idoralar, mas’ul tashkilotlar xodimlari biriktirilgan va ularning kunlik faoliyati monitoring qilinib, umumlashtirilmoqda. Shtab YuNESKO bosh shtab-kvartirasi bilan hamkorlikda ishlamoqda va faoliyat muvofiqlashtirilyapti.
Mas’ullarning qayd etishicha, dastlabki kunlardanoq logistika, OAV bilan hamkorlik, axborot materiallarini tayyorlash va ishtirokchilar hamda mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq bir qator masalalar hal etildi.
Asosiy tadbirlar “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida o‘tkaziladi. Bu yerdagi 8 ta mehmonxonada nufuzli delegatsiyalar, tadbir ishtirokchilarini joylashtirish uchun joylar band qilib qo‘yildi. Bundan tashqari, Samarqand shahridagi 130 ta mehmonxonada ham sessiya qatnashchilari va mehmonlar uchun xonalar hozirlanadi.
Xalqaro darajadagi tadbirni o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida xalqaro turizm majmuasi hududidagi ekspo-markazda ishtirokchilar, mehmonlar va OAV vakillari uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz infratuzilma yaratilmoqda. Jumladan, 600 kishi uchun ishchi ofislarni yangilanmoqda. Bir vaqtning o‘zida 1500 kishini qabul qiladigan 7 ta panel sessiyalari zallarini ta’mirlash va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlari yakuniga yetmoqda. 12 ta ko‘rgazma stendlarini o‘rnatish, innovatsion loyihalar va texnologiyalarni namoyish etish uchun joylar hozirlanmoqda. Markaz hududida va Samarqand shahrida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirda YuNESKO rahbariyati va kotibiyati to‘liq tarkibda, tashkilotga a’zo 193 davlatdan 4 mingdan ortiq delegat qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, vazirlar va elchilar nufuzli anjumanda ishtirok etadi.
Sessiya doirasida YuNESKOning Yoshlar forumi, milliy komissiyalar yig‘ilishi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston-YuNESKO mukofotini topshirish marosimi, muzeylarda xalqaro ko‘rgazmalar, jahon yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari o‘tkazish rejalashtirilgan.
43-sessiya va boshqa tadbirlarni yoritish uchun Samarqandga keladigan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda.
G‘.Hasanov.