Bir kilo go‘sht olti kun pishgan kunlar yoki autsorsing mojarosi qanday yakun topadi?

“Avvaliga hayron qolardim, keyin jahlim chiqardi. Lekin keyin o‘rganib ketdim. Ammo baribir vijdonim qiynalardi, nega bolalarga o‘z haqi berilmas ekan, deb. Ishonasizmi, ba’zi ko‘zbo‘yamachiliklarga kulishni ham, yig‘lashni ham bilmasdik. Deylik, qozonga yaxlit katta go‘sht bo‘lagi solinardi. Ovqat suzilayotganda esa bu go‘sht olib qo‘yilarkan. Men avvaliga nahotki har kuni uni o‘zlari yeyishsa, deb hayron qolardim. Lekin bilsam, keyingi kun ham qozonga o‘sha, yaxlit bo‘lak solib qo‘yilarkan. Qozonda go‘sht bormi, bor. Tekshiruvchi keladimi, boshqa vallomati keladimi bu go‘shtni ko‘rgach, g‘ing deya olmaydi. Keyin ishdan ketdim. Vijdonim qiynalib ketganidan emas, to‘g‘risini aytaman, maoshi hech narsaga urvoq bo‘lmaganidan ketdim”... 

“Bog‘cha tarbiyachisi bu haqda aytib berarkan, o‘sha kunlarni eslab, xo‘rsinib qo‘ydi. 

“Tekshirib nimani izlamoqchimisizlar - qozonga nima solinganinimi? Bolalar nima yeyayotganinimi? Bu haqda mendan emas, boshqa amaldorlardan ham so‘ranglar, yeyayotgan bitta men emasman, bildilaringmi! Olaveringlar, s’yomka qilasizlarmi, yozasizlarmi, menga farqi yo‘q!”, deya jahlinimi yo zahrinimi to‘kib solgandi bog‘cha mudiralaridan biri. 

Negadir bog‘chalar haqida tasavvurlarimiz uzoq yillardan beri shunday darajada qolib ketgan. Go‘yo bog‘cha ko‘ma xazinaday. Uning atrofida hamma xira pashshaday o‘ralashadi. U yerda albatta “yeydigan, o‘maradigan” narsa bisyor va uning oxiri ko‘rinmaydi. Bog‘cha mudiralari-yu oshpazlari haqida karikatura chizmagan rassom qolmadi. Bu masalada hech kim bog‘cha tomonga yon bosmaydi. Bu masalada ho‘lu quruq baravar yonadi. Bo‘rining yesa-yemasa og‘zi qon, deganlariday, hammaga nazar birday tashlandi. Bolalar bog‘chalaridagi nohalollik oddiy holga aylandi, jamiyat ham bunga ko‘nikdi, go‘yo. Chunki boshqa iloj ham yo‘q edi, ishlaydigan ota-onalar uchun oylab navbatda turiladigan, navbatda turging kelmasa, bir necha “ko‘k”i bilan ish bitirib olishing mumkin bo‘lgan, oilaviy hayot uchun juda muhim bo‘lgan bog‘chaga zo‘rg‘a erishib turibsan-u, uning kamchiligini aytib, boshing baloga qolsinmi? Ozgina noroziliklarga bog‘cha mudiralari e’tibor ham qaratmas, qaratgani bilan ko‘p narsa o‘zgarmas edi. 

Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda chiqqan xabarlarga ham bir-ikki so‘kish, bolaning haqi teshib chiqsin, deb munosabat bildirdi ko‘pchilik. Bu sohada korrupsiya yo‘qolsin, deya hamma birdan chiqish qilmadi. Sabab o‘sha – bu holga shunchalik ko‘nikkanmizki, unda korrupsiya yo‘qolishiga ishonmaymiz.

Shu o‘rinda bir fikrni aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoq faoli Xayrulla Mamasoliyev Samarqandda bog‘chalarga eskirib ketgan go‘sht tarqatilayotgani haqida bir necha marta bong urib, faktlar bilan chiqish qildi. Toshkent viloyatida esa 300 ga yaqin bolaning ovqatdan zaharlangani kabi voqealar ham jamiyatda katta nafrat uyg‘otmadi. Butun mamlakat bolalari salomatligi haqida gap ketganda, bir-ikki faollarning chiqishini aytmaganda, hamma jim. Har doimgiday tekshiriladi, ko‘riladi, ogoh bo‘lamiz, ehtiyot bo‘lamiz, kabi fikrlar bildirildi, xolos. 

Vaholanki, bog‘chalardagi vaziyat o‘zgarishidan umidimiz katta edi. Chunki keyingi yillarda oilaviy bog‘chalar, ijtimoiy sheriklikdagi ta’lim muassasalari uchun qator sharoitlar yaratilishi ko‘pchilikka dalda bo‘ldi.

Mana bu raqamlarning o‘zi ham buni isbotlab turibdi. Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, mazkur muassasalarga bolalarni to‘la qamrab olish bo‘yicha muhim vazifalar asosiy o‘ringa ko‘tarildi. Buning natijasida o‘tgan 5 yillikda maktabgacha va maktab ta’limi uchun ajratiladigan mablag‘ 7 karra oshirildi. Shu asnoda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 1,5 million yangi ish o‘rni yaratildi. Ayni vaqtda esa yurtimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘cha faoliyat yuritmoqda. Undan tashqari, avvallari onalar zimmasida bo‘ladigan maktabga qadam qo‘yadigan bolalarga ilk bor qog‘oz-qalam tutishni o‘rgatish vazifasi ham maktabgacha ta’lim tizimi tasarrufiga o‘tib, hozirda olti yoshli bolalarning 96 foizi maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olingan.

Bog‘chalarga qamrov ilgarigi 24 foizdan 74 foizga o‘sgani ham, to‘g‘risi, sohadagi yirik sakrashlardan biri, deb o‘ylayman. Chunki biz uzoq yillar bu foiz hali-beri ko‘tarilishiga umid qilmadik, soha joyidan siljishi qiyin bo‘lgan bir holatga tushib qolganday ko‘rinardi go‘yo. Lekin buni qarangki, qisqa fursatda bu yangilanishlar yangicha tashabbus va g‘oyalar bilan darhol amaliyotga ko‘chdi. Va o‘z samarasini bera boshladi. 

Aslida bog‘chalarda ovqatlanish tartibini autsorsing shakliga o‘tkazish ham bu tizimda eng yirik korrupsiyaga nuqta qo‘yish, bolalarni ovqatlantirishni yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilgandi. 

Shu paytgacha ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Joriy yilda respublikamizdagi barcha davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish tashkil etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda mavsumlar kesimida “Yagona mavsumiy taomnoma” ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Endi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bir xil "Menyu" asosida taom tayyorlanadi, deya yangilik sifatida uzatgandik bu xabarlarni. 

Afsuski, xabar biz o‘ylaganchalik yaxshi yangilik bo‘lib chiqmadimi yoki... “Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi”, deganlaridek, odamlar orasida ushbu yangi tizim, ba’zi “yegan og‘iz”larning ildiziga bolta uryapti, shuning uchun ham turli bo‘htonlar tarqalyapti, degan fikrlarni ham eshitib qolyapmiz. Lekin bizningcha, autsorsing tizimi “yegan og‘izlar” tomonidan shaffof tashkil etilmayapti va yana eski hammom, eski tos uslubida ishlayapti. Bu tizimni butunlay shaffof holda amalga oshirish shart va lozim. Keyingi xabarlarga ko‘ra, hozir shuning ustida bosh qotirilyapti, umid qilamizki, bosh qotirayotganlar faqatgina bolalarning salomatligi haqida, ularning sog‘lom va sifatli ovqatlanishi haqida o‘ylayapti. 

Yaqinda hamkasbim Xurshida Ernazarova olim Boturxon Valixo‘jayevning rafiqasi bilan suhbat uyushtirgandi. Onaxon uzoq yillar bog‘chada mudira bo‘lib ishlagan ekanlar. “Men hech qachon bog‘chada ovqatlanmaganman, uydan yoki ko‘chadan ovqatlanardim. Chunki turmush o‘rtog‘im o‘zing bilib-bilmay bolalar haqini yeb qo‘yasan, hech qursa o‘sha yerda taomlanasan-ku”, deya ancha payt bog‘chada ishlashimga ruxsat bermagan. Men esa ishimni juda yaxshi ko‘rardim. Shuning uchun u kishiga va’da berdim: bog‘chadan tuz ham totmaganim bo‘lsin, deb. Va bir umr shu va’damga rioya qilib yashadim”. Hamkasbim maqolasidagi shu fikrlarni o‘qir ekanman, hozir ham ayolidan shunday qat’iy halollikni talab qila oladigan turmush o‘rtoqlar bormikan, deb o‘ylab qolaman. Va turmush o‘rtog‘iga bergan va’dasiga amal qilib, irodasini toblab, bolalar haqiga xiyonat qilmaslikni eng yuksak a’moli hisoblab yashagan bog‘cha mudiralari haliyam bormikan? Nima deysiz?.. 

Gulruh Mo‘minova.