Paxtachining qimmat yo‘lkirasi, cho‘kkan yo‘llar, chiqindi qutisiz maskanlar
Paxtachi tumaniga, buvimnikiga tez-tez borib turaman. Har safar qulay deb taksiga chiqardim, ammo bu gal taksiga ketadigan pulni tejagim keldi. Axir Samarqand shahridagi “Hazora” avtoshohbekatidan jo‘naydigan taksi haydovchilari Kattaqo‘rg‘ongacha 35 ming so‘m, Mirbozorga 40-45 ming so‘m, Paxtachigacha 50 ming so‘m deb turgach, bir talabaning cho‘ntagi ko‘tarmasligi aniq-da.
Shunday qilib, avval Kattaqo‘rg‘ongacha qatnaydigan avtobusga o‘tirdim, yo‘lkira 7 ming so‘m ekan. 35 ming qayerda-yu 7 ming so‘m qayerda? Avtobus 11:00 da yo‘lga tushdi. Avtobus to‘ldi, tik turib ketadiganlar ham topildi. Uch bolali bir ayol yosh bolasini tizzasiga o‘tirg‘izib, 8-9 yoshli bolalari tikka turgan holda yo‘lga tushishdi. Kattaqo‘rg‘onga 12:20 da kirib bordik, ya’ni 1 soatu 20 minut yo‘l yuribmiz. Avtobusdan tushib Mirbozor taksilari turgan tomonga o‘tdim. Yengil mashinalar Mirbozorgacha 10-15 ming so‘m deb turibdi, Ziyovuddin shahrigacha esa 30 ming so‘m. Agar yo‘l bilmasangiz ahvolingizga maymunlar yig‘larkan. Mirbozorgacha avtobus qatnovi ham yo‘lga qo‘yilgan ekan, narxi 4 ming so‘m. Qarasam, avtobusda niqob taqqan odam yo‘q hisobi, qolaversa, yo‘lovchilar ko‘p, tiqilinch.
Odamlardan avtobus Mirbozorgacha qancha vaqtda yetib borishini so‘radim. “Har qadamda to‘xtab, uzoq vaqt yuradi”, degan javobni oldim. Shuning uchun «Damas»ga minishga qaror qilgandim, 20 daqiqa odam to‘lishini kutdik. 5 ming so‘m bilan Mirbozorgacha bordim. Ziyovuddin shaharchasiga borish uchun yana «Damas»ga o‘tirdim, 6 ming so‘m ekan. Qiziq, Samarqand shahridan Kattaqo‘rg‘ongacha 7 ming so‘m bilan kelgandim. Yaqin masofaga 6 ming so‘m...
Va nihoyat, uch soat deganda manzilimga yetib keldim. Qarindoshlarimiz bilan diydorlashgach, kechga tomon Paxtachi tumani markazini sayr qildim. Keyingi yillarda Ziyovuddin shaharchasida ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Ravon yo‘llardan yurar ekanman, “Visol” to‘yxonasi yonidagi chorrahaga svetofor o‘rnatilibdi. Ammo yo‘ldan piyodalar o‘tishi uchun “zebra” chiziqlari yo‘q. Istiqlol ko‘chasining chap tomonida zamonaviy uylar qurilgan, shaharnikidan qolishmaydi. Ko‘zim quvnab, ancha joyni piyoda bosib qo‘ydim. Ammo qo‘limdagi shokolad qog‘ozini tashlay desam, chiqindi quti yo‘q. Balki chiqib qolar, deya yo‘limda davom etaverdim. Oilaviy poliklinika, matbuot uyi, 25-sonli bolalar musiqa maktabi yonidan o‘tdim hamki, chiqindi tashlash imkoni bo‘lmadi.
Ravon, yangi qurilgan yo‘llarning har joyida chiqitlar, tibbiy niqoblarga ko‘zim tushdi. Odamlar ham ehtimol, majburlikdan tashlab ketayotgandir. “Yoshlar istirohat bog‘i”ga kirib, sayr qildim. Afsus, bu yerda ham o‘sha ahvol. Biron joyda chiqindi quti yo‘q. Har joyda qog‘oz, pista po‘choqlari sochilib yotibdi.
Bog‘dan chiqib, “Madaniyat markazi”dan o‘tgandan so‘ng yo‘lning har 10 qadami chuqur bo‘lib o‘yilganiga guvoh bo‘ldim. Kechqurun-ku mayli, hatto kunduz kuni ham odam bu chuqurga qoqilib ketishi hech gap emas. Nahotki, yangi qurilgan markaziy ko‘chaning ahvoli shu bo‘lsa…
Nega doim shunday? Yangi qurilgan yo‘llardan maza qilib, yillar davomida bahramand bo‘lolmaymiz? Yo yo‘l yana buziladi, yoki cho‘kib qoladi, yoki yo‘l chetlari tashlangan chiqit bilan ko‘ngilni xira qiladi.
Xullas, Paxtachidan qaytishda vaqtimni tejagim keldi. 35 ming so‘m bilan bilan «Damas»da shaharga qaytdim. Yo‘l-yo‘lakay viloyat markaziga doimiy ravishda borishga majburlarni, bemorlar va umuman, oylik-maoshga kun kechirayotgan odamlarni o‘yladim. Yo‘lkira narxi qiynamayaptimikan?.. Paxtachiliklar chiqitni qachongacha yangi qurilgan yo‘l chetlariga tashlasharkan?..
Munisa Shamsiyeva.